AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Rejep Tayyip Erdog`an bilan muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoev  Rejep Tayyip Erdog`an bilan muloqot qildi'ning rasmi

1 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Suhbat avvalida Turkiya rahbari davlatimiz rahbari va O`zbekistonning ko`p millatli xalqini yurtimiz mustaqilligining 30-yilligi bilan samimiy qutladi. Do`st Turkiya xalqi nomidan O`zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.

Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.

Joriy yil boshidan o`zaro savdo ko`rsatkichlari ikki barobar o`sgani va 240 dan ortiq qo`shma korxona tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlarimiz etakchi kompaniyalarining kooperasiyasi kuchayib bormoqda, jumladan, energetika, sanoat, qishloq xo`jaligi, infratuzilma, turizm va boshqa sohalarda muhim investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Qo`shma ta`lim va madaniy-gumanitar dasturlar muvaffaqiyatli joriy qilinmoqda. Xususan, shu yilning avgust oyida turkiyalik etakchi mutaxassislar Toshkent va Samarqand shaharlaridagi arxitektura-qurilish institutlariga rahbar bo`ldilar.

Etakchilar bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini, shu jumladan Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig`ilishiga tayyorgarlik masalalarini ko`rib chiqdilar.

Afg`onistondagi harbiy-siyosiy ahvol keskinlashishi ta`sirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishiga alohida e`tibor qaratildi. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash masalalari yuzasidan aloqalar va ko`p tomonlama muloqotni davom ettirish muhim ekani ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar