Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga partiya rahbarligiga qayta saylanish uchun kurashmasligini ma`lum qildi. Bu esa o`z-o`zidan uning bosh vazirlik muddati tugashini anglatadi.Suga bir yil muqaddam bosh vazir bo`lgandi - o`shanda avvalgi bosh vazir Sindzo Abe sog`ligidagi muammo tufayli iste`foga chiqqandi.
Hukumatdagi Liberal-demokratik partiya rahbarligi uchun saylovlar 29 sentyabrga belgilangan, unda g`olib bo`lgan siyosatchi bosh vazirlik kreslosini egallaydi.
Suganing qarori hech kim uchun ajablanarli bo`lmadi. Tokiodagi Olimpiya o`yinlari boshlanishidan oldinroq ko`plab ekspertlar voqealar rivoji aynan shunday tus olishini prognoz qilishgandi.
Mamlakatdagi og`ir epidemiologik vaziyatga qaramasdan va ko`pchilik yaponlarning irodasiga qarshi borgan holda uning hukumati O`yinlarni baribir o`tkazish borasida qaror qabul qilishi partiyaga va uning shaxsan o`zining reytingiga jiddiy zarba berdi.
Oktyabr oyida bo`lib o`tadigan parlament saylovlarida Liberal-demokratik partiya ko`plab prefekturalarda mag`lubiyatga uchrashi taxmin qilinmoqda. Umummilliy saylovlar esa yil oxirida bo`lib o`tadi.
Ayni vaqtda Yaponiya Covid-19 bilan bog`liq og`ir vaziyatni boshdan kechirmoqda. Aholini vaksinalash jarayoni esa sekin sur`atlarda kechmoqda.
Mamlakatda favqulodda holat rejimi amalda.
LDP bosh kotibining so`zlariga ko`ra, partiyadagilar bosh vazirning qaroridan qattiq xafa bo`lishgan, shu bilan birga ular bu qaror chuqur tahlillardan keyin qabul qilinganiga amin.
Bosh vazir lavozimidagi qolgan muddatni Yosixide Suga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga bag`ishlamoqchi.
Ayni vaqtda 72 yoshda bo`lgan Suga - yapon siyosatidagi eng keksa kishilardan biridir. U qulupnay etishtirish bilan shug`ullangan fermerlar oilasida tug`ilgan.
O`z faoliyatini 1987 yilda Yokogama shahar kengashida amaldor sifatida boshlagan. 1996 yilda ilk marta parlament a`zosi bo`lgan, 2005 yilda Jamoatchilik bilan aloqalar vaziri o`rinbosarligiga tayinlangan, 2007 yilda esa Sindzo Abe unga birato`la Vazirlar Mahkamasidan uch lavozim bergan.
Bozor yangi, nisbatan kuchliroq hukumat kelishiga reaksiya berdi. Yaponiya aksiyalari keskin ko`tarildi, mamlakatdagi asosiy fond indekslaridan biri Topix payshanba kuni plyus 1,6 foiz bilan yopildi - bu so`nggi 30 yildagi eng yuqori ko`rsatkichdir.
Manba: kun.uz