Vena shahrida Parlamentlararo ittifoq Ayol spikerlarning 13-sammitida ishtirok etayotgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi O`zbekiston parlamenti delegasiyasi Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament assambleyasi prezidenti Margarita Sederfelt bilan uchrashdi. Bu haqda Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O`zbekistonda bo`lib o`tadigan Prezident saylovida Assambleyaning kuzatuvchilari missiyasining ishtiroki hamda EXHT PA prezidentining O`zbekistonga bo`lajak tashrifi bilan bog`liq masalalar muhokama qilindi.
M.Sederfelt Parlament assambleyasi kuzatuvchilari missiyasining shu yil 24 oktyabr kuni O`zbekistonda bo`lib o`tadigan Prezident saylovini kuzatishda ishtirok etishga taklif etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so`zlariga ko`ra, PA delegasiyasi saylovda yuqori darajadagi tarkibda ishtirok etadi va bu Tashkilot doirasida O`zbekistonga “alohida e`tibor berilayotgani”dan dalolat beradi.
M.Sederfelt yaqinda yangi tayinlangan Assambleya vise-prezidenti, Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili Pia Kaumning faoliyati doirasida mintaqadagi mamlakatlar, ayniqsa, birinchi navbatda O`zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o`rtasida EXHT PA prezidenti Margaret Sederfeltning yaqin vaqt ichida O`zbekistonga tashrifini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.