"Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatini tubdan takomillashtirish, fuqarolar bilan o`zaro muloqotni kamaytirish maqsadida sohaga axborot kommunikasiya texnologiyalari joriy etilmoqda",–deyiladi YHXBBning harakat ishtirokchilariga yo`llagan murojaatida.
Shu bilan birga, har bir yo`l-patrul xizmati xodimining huquqiy bilimi, madaniyati, muomala darajasi yuqori bo`lishiga intilishimiz zarur. Lekin, ayrim xodimlar tomonidan xizmat vazifalarini bajarish vaqtida yo`l harakati ishtirokchilari bilan qo`pol muomalada bo`lishlari, kasb etikasi va madaniyatiga amal qilmasliklari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatlar, jumladan, kuni kecha, Toshkent shahrida “Toshkentda uyqudagi GAI” hamda Jizzax viloyatida “GAI akalarimizdan alkotesterni innovasiyasi” sarlavhalari ostida tarqalgan videolavhalar bizni tashvishga solmoqda.
O`z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarayotgan xodimlarimizning xatti-harakatlari uchun fuqarolarimiz oldida mas`uliyatni to`liq his qilgan holda, bunday noxush holatlarga chek qo`yish yuzasidan Bosh boshqarma tomonidan xodimlarning bilim saviyasini oshirish, muomala madaniyatini yuksaltirish maqsadida doimiy ravishda mashg`ulotlar o`tkazilishi yo`lga qo`yilgan.
Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining vazifasi – fuqarolar va ularning manfaatlari, huquqlarini asosiy qadriyat deb bilib, xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishdir.
Xizmat vaqtida salbiy holatlarga yo`l qo`ygan har bir xodim intizomiy jazolanadi va ularga nisbatan murosasiz choralar ko`riladi.