16 sentyabr kuni Dushanbe shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan muzokara o`tkazdi.
Ikki mamlakat etakchilarining joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o`tgan sammitida O`zbekiston va Pokistonning ko`p qirrali hamkorligini rivojlantirish bo`yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Shu yil boshidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash 2,5 barobar ortgani, 30 dan ortiq yangi qo`shma korxona tashkil etilgani ta`kidlandi. Toshkent va Lahor shaharlari o`rtasidagi aviaqatnovlar tiklandi.
Samarali ishbilarmonlik almashinuvlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish borasida birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhim ekani ta`kidlandi. Eng avvalo, preferensial savdo to`g`risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilish, tranzit va savdo munosabatlari to`g`risidagi bitim qoidalarini bajarish, qabul qilingan “yo`l xarita”siga muvofiq iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investisiya loyihalarini amalga oshirish shular jumlasidan.
Uchrashuvda Afg`onistonda vujudga kelayotgan holatdan kelib chiqib mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash masalalarida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.