Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federasiyasining Perm shahridagi qurilish ob`ektlarida ishlash uchun kelgan bir guruh o`zbekistonlik mehnat migrantlarining va`da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani, qishki maxsus kiyimlar bilan ta`minlanmagani haqida murojaati tarqaldi.
O`zbekiston va Rossiya Hukumatlari o`rtasida 2017 yil 5 apreldagi «Rossiya Federasiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to`g`risida»gi Bitim ijrosini ta`minlash, fuqarolarimizni xorijiy davlatlarda munosib ish o`rinlariga jalb qilish maqsadida 2021 yilning 21 may kuni Rossiya Federasiyasining «RESURS+» MChJ va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi o`rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Ushbu kelishuvga muvofiq, iyun-avgust oylarida Andijon (8), Namangan (4), Farg`ona (351) va Qashqadaryo (47) viloyatlaridan 410 nafar fuqaro tashkillashtirilgan tartibda Perm o`lkasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, ushbu fuqarolarning Rossiya Federasiyasiga borish bilan bog`liq transport xarajatlari «Resurs+» korxonasi hisobidan qoplangan.
Biroq, ishlash uchun yuborilgan fuqarolarning 47 nafari mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarini buzib, mehnat shartnomasi talablariga rioya etmagan. Xususan, spirtli ichimliklarni ish joyida iste`mol qilish kabi holatlar muntazam kuzatilganligi sababli, ushbu mehnat migrantlari bilan mehnat shartnomalari muddatdan oldin bekor qilinib, O`zbekistonga qaytarilgan.
Fuqarolarning ishlagan davri uchun oylik ish haqi, ish beruvchi tomonidan qilingan xarajatlarni qaytarish masalalari Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va ish beruvchi korxona o`rganib chiqmoqda.