Turkiyada nashr etiladigan «Yazar» gazetasi sahifasida “Har bir inson ko`rishi kerak bo`lgan mamlakat: Beruniy, Naqshbandiy, Buxoriy va Termiziyning diyori – O`ZBEKISTON” sarlavhali maqola bosilib chiqdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Evroosiyo turk jamiyatlari federasiyasi rahbari Ismail Chengiz qalamiga mansub ushbu maqola butun turk dunyosi uchun ulkan qiymat va mazmun-mohiyat kasb etadigan zamonaviy O`zbekistonning boy tarixiy va ilmiy-madaniy merosi atroflicha ochib berilgani bilan ahamiyatlidir.
“Movaraunnahrning uchta marvaridini o`z ichiga olgan bu mamlakatning nomi – O`zbekiston, YuNESKOning “Jahon merosi ro`yxati”ga kirgan Buxoro, Samarqand va Xivaga mezbonlik qilayotgan mamlakat - O`zbekiston, Islom dinining ma`naviy markazlaridan biri Buxoro, dunyoning ko`zgusi, Sharq durdonasi Samarqand va Xiva shahri joylashgan yurt - O`zbekiston sizni osmon osti muzeylari bilan o`rta asrlarga olib boradi. Sizga Beruniy, Buxoriy, Termiziy, Ulug`bek, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi buyuk olim va mutafakkirlari, ulamolari hamda adabiyot bo`stoni darg`alarini o`z bag`rida tarbiyalagan O`zbekiston haqida hikoya qilamiz”, - deb yozadi muallif maqola muqaddimasida.
U har bir turkiy millat farzandi o`zining zamonaviy dunyodagi buyuk o`tmishi va o`rnini teran va to`laqonli anglashi uchun mamlakatimiz bag`rida joylashgan muqaddas qadamjolar va diqqatga sazovor maskanlarni o`z ko`zi bilan ko`rmog`i lozim, deya O`zbekistonning ko`hna va boy madaniyatini targ`ib qilgan.
Shuningdek, Ismail Chengiz O`zbekistonning ichki va tashqi siyosiy rivojlanishida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tutgan o`rin haqida alohida qalam tebratgan.
Maqolada Anqara va Toshkent o`rtasidagi strategik sheriklik aloqalari mustahkamlanayotgani, o`zaro tovar almashish hajmlarining ortib borayotgani hamda madaniyat va ta`lim sohalaridagi hamkorlik tobora faollashayotgani singari masalalarga ham katta e`tibor qaratilgan.
Ushbu salmoqli maqola “Sharqning uch marvaridi: Buxoro, Samarqand va Xiva”, “O`zbekiston o`z mustaqilligining 30 yilligini nishonlamoqda”, “O`zbekiston tabiiy resurslarga boy mamlakat”, “Iqtisodiyot va tashqi siyosatdagi islohotlar”, “O`zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi mamlakat-Turkiya” singari va boshqa qator muhim mavzularni qamrab olgan.






