O`zbekiston Prezidentining “Bolalarni qo`llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Axborot agentligi xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, quyidagilar Bolalar jamoat fondining eng muhim vazifalari etib belgilandi:
- og`ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam ko`rsatish tadbirlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
- bolalarning hayoti uchun xavf soluvchi og`ir, surunkali hamda kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga o`z vaqtida tashxis qo`yish va ularni respublikada yoki zarur hollarda xorijiy davlatlarda davolash uchun tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy yordam ko`rsatishning qo`shimcha mexanizmlarini joriy etish;
- ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan ta`minlash;
- jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalarni ta`lim olishlarida ko`maklashish, shu jumladan, maxsus o`quv adabiyotlar va o`quv qurollari bilan ta`minlash;
- nogironligi bo`lgan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar o`rgatish va ularni uy sharoitida o`zini o`zi band qilishi uchun asbob-uskunalar bilan ta`minlash;
- og`ir tashxisli kasalliklari bo`lgan bolalarni parvarish qilayotgan kam ta`minlangan oilalarni homiylikka olish;
- nogironligi bo`lgan bolalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga doir, shu jumladan, ularga yuqori texnologik ixtisoslashgan reabilitasion tadbirlarni tashkil etish va moliyalashtirish.
Bolalar jamoat fondining asosiy pul mablag`lari quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:
- davlat budjeti hisobidan 2021—2022-yillarda mablag`larni amalda o`zlashtirilishiga qarab 100 milliard so`m miqdoridagi beg`araz moliyaviy yordam;
- jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;
- davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, chet davlatlar ajratadigan grantlar;
- kraudfanding mexanizmlari orqali kelib tushgan mablag`lar;
- vaqtincha bo`sh turgan mablag`larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
- qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Qarorga binoan 2024-yil 1-yanvarga qadar davolanishga muhtoj bo`lgan bolalar uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro`yxatlar bo`yicha Bolalar jamoat fondi tomonidan olib kelinadigan dori vositalari, tibbiyot uskunalari va protezlash vositalari bojxona to`lovlaridan (qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlaridan tashqari) ozod qilinadi.
Bolalar jamoat fondi Vasiylik kengashiga 2021-yil 20-oktyabrga qadar fond ijro direksiyasini yuqori malakali kadrlar bilan to`ldirish hamda Bolalar jamoat fondi ustavini tasdiqlash choralarini ko`rish vazifasi yuklangan.