Bugun, 5 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Komissiya a`zolari dastlab Saylov uchastkalarida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqishdi.
Ma`lum qilinishicha, Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o`z yashash joyida bo`lish imkoniyatiga ega bo`lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o`n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.
Saylov kodeksining 561-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida o`tkazilishi mumkin.O`zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to`g`risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.
Majlisda qayd etilishicha, muddatidan oldin ovoz berish 2021 yil 14 oktyabr kuni boshlanib 2021 yil 20 oktyabrning yakuniga qadar o`tkaziladi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar davom etadi.
O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan erdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 19:00ga qadar amalga oshiriladi.






