Xabaringiz bor, ayni kunlarda O`zbekistonning tog`li hududlarida yog`inli ob-havo bo`lishi kutilmoqda. YHXBB mazkur masala yuzasidan haydovchilarga muhim ogohlantirish berdi.
O`zbekiston hududida ob-havoning keskin o`zgarishini inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi haydovchilardan:
- texnik nosozliklar ayniqsa, rul boshqaruvi va tormoz tizimida nosozliklari bo`lgan transport vositalaridan foydalanmaslikni;
- isitish tizimi nosoz bo`lgan, avtotransport oynalari terlab sun`iy pardani hosil qilib, ko`rinishni cheklaydigan transport vositalaridan foydalanmaslikni;
- tog`li hududlarda, dovon yo`llarida, jumladan vodiy viloyatlarini markaz bilan bog`lovchi “Qamchiq” dovonida transport boshqarish malakasiga ega bo`lmagan haydovchilardan bu xududlarda xarakatlanmaslikni;
- haydovchilar oraliq masofani xavfsizlik darajasida ushlashni;
- belgilangan tezlik talablariga aniq rioya qilishni;
- transport vositasini spirtli ichimlikdan mast bo`lgan holda boshqarmaslikni so`ramoqda.
Piyodalardan esa:
- yo`llarni faqatgina maxsus belgilangan piyodalar o`tishi joylaridan o`tishlarini va yo`lni belgilanmagan joyidan yugurib o`tmasliklarini, o`tayotgan vaqtda yo`l belgilariga amal qilib, gadjetlardan foydalanmaslikni;
Yuk avtomobillari haydovchilaridan esa:
- Qoidalarga ko`ra o`ng tomondagi birinchi bo`lakdan harakatlanishlarini, chap bo`lakni sababsiz egallab olib harakatlanmaslikni, shoshilmaslikni so`ralmoqda.
"Hurmatli harakat ishtirokchilari, Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati, intizomli, qoidalar talablarini amal qiluvchilarga o`z minnatdorchiligini bildirib qoladi. Zero barchamizning maqsadimiz – XAVFSIZ YO`LLARDA harakatlanishni ta`minlashdir",–deyiladi xabarda.