Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida maktab o`quvchilari poli chirib ketgan sport zalida shug`ullanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holatga Qashqadaryo viloyati xalq ta`limi boshqarmasi izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, holat Qashqadaryo viloyati xalq ta`limi boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari va tegishli mas`ullar ishtirokida o`rganilmoqda.
Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqdar surati tarqalgan ta`lim muassasasi Shahrisabz tumani xalq ta`limi bo`limiga qarashli 58-umumiy o`rta ta`lim maktabi “G`ilon” MFYga qarashli “G`ilon” qishlog`ida joylashgan.
Maktab 1967 yil qurilgan va 2014 yilda 200 o`rinli yangi o`quv binosi qurilgan. Mavjud 2 ta 240 o`rinli o`quv binolari mukammal ta`mirlangan.
2019 yilda maktab filialiga Investisiya davlat dasturi asosida 96 o`rinli o`quv binosi qurilgan.Jami quvvati bugungi kunda 776 o`quvchi o`rinli, o`quvchilar soni 557 nafar, navbatlilik koeffisenti 0,7 foiz va maktabning umumiy er maydoni 1,75 ga ni tashkil etadi.
Maktabning 12x24 metr o`lchamdagi sport zali 2007 yil qurilgan. Maktab tog`li hududda joylashgani, er osti suvlari er yuzasiga yaqinligi, namgarchilik yuqoriligi natijasida sport zalining pol qismi juda tez vaqtda yaroqsiz holatga kelgan.
Hozirda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, maktab sport zalini birlamchi ta`mirlash choralari ko`rilmoqda.






