Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz orqali 1 oktyabr holatiga ko`ra 60 dan ortiq vazirlik va idora hamda barcha tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 13 827 ta vakant lavozim bo`yicha tanlovlar e`lon qilingan. Vakant lavozimlarga jami 212 mingdan ziyod nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirilgan.
O`tkazilgan tanlovlarni vazirlik va idoralar kesimida tahlil qiladigan bo`lsak, bugunga kunda eng ko`p tanlovlar Davlat soliq qo`mitasi tizimida 2 243 ta, Xalq ta`limi vazirligi tizimida 1 915 ta va Moliya vazirligi tizimida 1 698 ta tanlov o`tkazilgan.
AOKAda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig`i Abbos Akramov ishtirokida o`tkazilgan brifing tafsilotlari:
Vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlar
- har bir nomzodning vakant lavozim malaka talablariga mosligini o`rganish;
- test orqali nomzodlarning bilim darajasini sinovdan o`tkazish va psixoportretini yaratish;
- assesment shaklidagi suhbat bosqichlaridan iborat.
Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, tanlov bosqichlari bo`yicha ma`lumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, ya`ni har bir bosqich natijasi bo`yicha nomzodlarga asoslangan javob beriladi.






