AsosiyJamiyat

Tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq ayrim huquqbuzarliklar ma`muriy huquqbuzarliklar tizimidan chiqarilyapti

'Tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq ayrim huquqbuzarliklar ma`muriy huquqbuzarliklar tizimidan chiqarilyapti'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Bosh prokuratura tomonidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning yangi tahrirdagi loyihasi kiritildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Kodeks loyihasi 6 bo`lim, 33 bob, 573 moddadan iborat. Kodeksning nomlanishi uning tartibga solish predmetidan kelib chiqib, Ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi kodeks deb o`zgartirilmoqda.

Ma`nan eskirgan, amalda o`z ahamiyatini yo`qotgan yoki fuqarolik va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan 33 ta ma`muriy huquqbuzarliklar Kodeksdan chiqarilmoqda. O`z navbatida 12 ta yangi turdagi huquqbuzarliklar uchun ma`muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Kodeks loyihasi bilan tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq ayrim huquqbuzarliklar ma`muriy huquqbuzarliklar tizimidan chiqarilib, tadbirkorlik huquqiy ta`sir choralarini samarali qo`llash maqsadida ishlarni ko`rib chiqishni “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi Qonun doirasida amalga oshirish qonunchilik tashabbusi sub`ekti tomonidan taklif etilmoqda.

Shuningdek, ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha ish yuritishning prosessual tartibi takomillashtirilmoqda. Ya`ni, prosess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini maqbullashtirish, huquqbuzarlikni soddalashtirilgan tartibda ko`rib chiqish, yo`l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasman ogohlantirish hamda ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnoma tuzishga vakolatli bo`lgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish ko`zda tutilmoqda.

Ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy qilish kodeks loyihasida o`z aksini topmoqda.

Mazkur kodeks loyihasining qabul qilinishi bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va erkinliklarini ta`minlash kafolatlari kuchaytiriladi. Shuningdek, ma`muriy huquqbuzarliklar yuzasidan ish yuritish tizimi takomillashtirilib, mazkur ish yuritish tizimidagi ortiqcha tartib-taomillar bekor qilinadi, ma`muriy huquqbuzarlik yuzasidan jazoga tortish to`g`risidagi qaror ustidan shikoyat berish tartib-taomillari takomillashtiriladi.

    Boshqa yangiliklar