Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevga ko`ra, mazkur shaharcha Guliston shahrining eski dehqon bozori o`rnidagi 42 gektar maydonda barpo etiladi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Bu erda 1 ming 700 xonadonli 16 qavatli turar-joylar, umumta`lim va biznes maktablari, 2 ta bolalar bog`chasi, zamonaviy klinika, madaniyat markazi va mehmonxona quriladi.
Shuningdek, viloyatda uy-joy qurish, yo`l-transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha ham muhim vazifalar amalga oshiriladi.
Buning uchun, eng avvalo, kelgusi besh yilda:
1. 10 ming xonadonli uy-joylar quriladi. Shundan, 1,5 mingdan ziyod uy-joy kam ta`minlangan oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti bo`yicha 60 milliard so`mlik subsidiyalar beriladi. Jumladan, og`ir turmush sharoitida yashayotgan 800 nafar ayollarga subsidiya ajratiladi, 450 nafariga boshlang`ich badal puli to`lab beriladi, 120 nafari bepul uy-joy bilan ta`minlanadi.
2. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasi 82 foizdan – 90 foizga, kanalizasiya qamrovi 14 foizdan – 40 foizga etkaziladi. Buning uchun, 1,8 trillion so`m evaziga, 428 kilometr ichimlik suv va 57 kilometr kanalizasiya tarmog`i, 118 ta suv va 7 ta kanalizasiya inshootlari barpo etiladi. Natijada, 60 ming nafar aholi ilk bor suv bilan ta`minlanadi, 106 ming nafar aholining suv ta`minoti yaxshilanadi.
3. “Obod qishloq” va Obod mahalla” dasturlari doirasida kelgusi besh yilda 110 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish, ijtimoiy ob`ektlar, ichki yo`llar va infratuzilmani ta`mirlashga 1 trillion so`mdan ziyod mablag` ajratiladi.
Bundan tashqari, keyingi uch yilda viloyatdagi 17 ta qishloq infratuzilmasini yaxshilash va rivojlantirishga 10 million dollar yo`naltiriladi.






