Barchamizga ma`lumki, eski turdagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishning so`nggi muddati 2021 yil 31 dekabr etib belgilangan edi. Oktyabr oyining ham birinchi haftasi ortda qolganini hisobga oladigan bo`lsak, ushbu muddat tobora qisqarib bormoqda va ana shu vaziyat haydovchilarimizni “qimirlab” qolishga undagan bo`lsa ajab emas. Bu esa o`z-o`zidan davlat xizmatlari markazlariga haydovchilik guvohnomasini almashtirish maqsadida tashrif buyuruvchi fuqarolar oqimi oshishi va uzundan-uzun navbatlarga sabab bo`lmoqda.
Xo`sh, bu muammoni bartaraf etish, markazlarga fuqarolar oqimini kamaytirish va kutish muddatlarini iloji bricha qisqartirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi (DXA) mas`ullari qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Ushbu savollarga Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulug`bek MUHAMMADIEVdan batafsil javob oldik...
MASALA TAHLIL QILINDI VA...
— Davlat xizmatlari agentligi bu masalani tahlil qildi. Unga ko`ra, bugungi kunda 5 793 000 nafar haydovchilarning 3 600 000 nafari haydovchilik guvohnomasini almashtirgan. Shundan 2 mln.dan ortiq haydovchining guvohnomasi almashtirilmadi. Eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish muddati 2021 yilning 31 dekabr. 2022 yil 1 yanvardan boshlab, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Haydovchilarga yordam berish va muammoni echish uchun agentlik quyidagi choralarni ko`rdi:
BIRINChIDAN,milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish uchun Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek, Yakkasaroy va Sergeli tumanlari Davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilish imkoniyati yaratildi;
IKKINChIDAN, fuqarolarimiz haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun ro`yxatdagi Davlat xizmatlari markazlariga dam olish kunlari (shanba va yakshanba, bayram kunlaridan tashqari) soat 9:00 dan 15:00 gacha ham murojaat qilishlari uchun sharoit yaratildi;
UChINChIDAN, DXMlar orqali "prava" almashtirish uchun onlayn ariza yuborish imkoni berildi;
TO`RTINChIDAN, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmatidan foydalanish uchun tashrif buyuruvchilar oqimi katta bo`lganligi sababli, Toshkent shahridagi DXMlarda erta tong soat 7.00dan boshlab FAQATGINA haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmati ko`rsatish yo`lga qo`yildi. Qolgan xizmatlar, odatdagi rejimda soat 9.00 dan boshlab ko`rsatiladi.
Shu o`rinda fuqarolarga ham ba`zi bir iltimoslarimizni aytib o`tmoqchimiz. Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi bundan keyin ham xizmatlardan foydalanish jarayonida qulayliklar yaratishda davom etadi. Sizlardan ham davlat xizmatlaridan foydalanishda tartibni saqlashingizni, elektron navbatga rioya qilishingizni hamda o`zaro hurmatni saqlab, sabrli bo`lishingizni so`raymiz.
TAKLIF HAM KIRITILDI, UNGA KO`RA...
— Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddatini toifalashtirilgan tarzda uzaytirishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi. Quyidagi havola orqali, loyiha bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Taklif etilayotgan qaror loyihasiga ko`ra, haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddatini bir yilga uzaytirish nazarda tutilmoqda.
MUShTARIYLARNI ENG KO`P QIZIQTIRGAN YaNA BIR SAVOL...
— Siz, ya`ni Davlat xizmatlari agentligi rahbari bilan intervyu qilishimizni aytib, DARAKCHI.UZ saytimiz orqali savollaringizni qoldiring, deya e`lon berganimizda juda ko`p fuqarolarimiz haydovchilik guvohnomasini almashtirishda doimiy ro`yxatda turgan manzilimizga borib almashtirishimiz shartmi, hozir vaqtinchalik boshqa viloyatda yashab turgan bo`lsak, shu hududda ham almashtirish imkoni bormi, deya so`rashgan. Ushbu savolga ham aniqlik kiritib o`tsak...
— Bu savol o`zimizga ham ko`p berilyapti. Men qayta va qayta aytamanki, Davlat xizmatlari agentligining faoliyati allaqachon eksteretorial tizimga o`tgan. Ya`ni siz xohlagan hududingiz, ochiqroq aytadigan bo`lsam, o`zingizga qulay bo`lgan hududdagi ofisimizga tashrif buyurishingiz va ishlaringizni o`sha ofisda bitirib chiqishingiz mumkin. Bu jarayon uchun sizning doimiy yoki vaqtinchalik ro`yxatga olingan hududingizning ahamiyati yo`q.
Mohinur RUSTAMOVA tayyorladi