Mana, kuzgi-qishki mavsum ham boshlandi. O`zbekiston Gidrometeorologiya markazi yurtimizda allaqachon havo harorati pastlay boshlagani haqida ma`lum qildi. Tabiiyki, bu davrda xonadonlar issiqlik tizimini ta`minlash uchun hozirlik ko`rilishi lozim. Xo`sh, bu yil qancha turar-joy issiqlik bilan qamrab olinishi reja qilingan? Tabiiy gaz bilan ta`minlanish qanday bo`ladi? Qish ayozida ogohlantirishsiz o`chirish holatlariga barham beriladimi? Gaz umuman etib bormagan hududlarda yashovchi aholiga suyultirilgan gaz va ko`mir etkazib berish qanday tashkil etiladi?
Ushbu savollarga soha mutaxassislaridan javob oldik.
ENDI GAZ OGOHLANTIRIShSIZ O`ChIRILMAYDI VA...
Bahodir VAHOBOV,
“Hududgazta`minot” AJ boshqarma boshlig`i:
– Hozirgi kunga qadar ikki millionga yaqin xonadonga elektron gaz hisoblagichlar o`rnatildi. Barcha iste`molchilarning telefon raqamlari bazaga kiritilgan. Agarda iste`molchida qarzdorlik aniqlansa, unga albatta xabarnoma yuboriladi va qarzni to`lash uchun besh kun muddat beriladi. Elektron gaz hisoblagichlar o`rnatilmagan xonadonlar egalarining raqamlari ham bazaga kiritilgan va ularda ham qarzdorlik mavjud bo`lsa, tabiiy gaz o`chirilishi haqida ogohlantiriladi. To`g`ri, ilgari tabiiy gaz hech qanday ogohlantirishsiz o`chirilardi. Endi bunday holat bo`lmaydi. Favqulodda holatlar yuzaga keladigan bo`lsa, aholi mahalliy hokimlik organlari tomonidan xabardor qilinadi.
BESh TALABANING VAFOTI BILAN BOG`LIQ HOLAT TAKRORLANMAYDIMI?
– Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 5 nafar talaba vafot etgani bilan bog`liq xabarlar keng muhokamalarga sabab bo`ldi va bu bo`yicha sud ishi ham bo`lib o`tdi. Kelajakda bunday holatlar yuz bermasligi uchun choralar ko`rilyaptimi?
– Biz bunday holatlar qayta yuz bermasligi uchun bir qator choralar ko`rib qo`yganmiz. Yani xonadonlarga zamonaviy gaz hisoblagichlarini o`rnatish barobaridamaxsus anolizatorlarni ham qo`yib ketyapmiz. Agarda gaz jihozlaridan gaz sizib chiqish holatlar kuzatiladigan bo`lsa, analizator klapani yopilib qoladi. Analizator o`rnatilmagan hududlarda esa ishchi guruh bilan rejamizga muvofiq texnik ko`riklar ishlarini amalga oshiramiz.
Qayd etish kerakki, siz ta`kidlagan xonadon egalaridan bizga hech qanday murojaat kelib tushmagan. Biz o`z ish rejamizga muvofiq harakat qilamiz. Agarda qaysidir hududda gaz bilan nochorlik yuzaga kelsa, u erda gaz ballonidan yoki tabiiy gazdan foydalanilsa ham, u yuridik tashkilot bo`lsa-da, servis xizmat ko`rsatamiz. Chunki bu kelib chiqishi mumkin bo`lgan chaqnash, yoki turli talofatlarni oldini oladi.
YoNG`INLAR TUFAYLI 97 NAFAR FUQARO HALOK BO`LDI
– Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joizki, o`tgan 2020/2021 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish davrida olib borilgan profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan respublikada 6691 ta yong`in sodir bo`lib, oqibatda 97 nafar fuqaro halok bo`lgan va 159 nafar inson kuyish tan jarohatini olgan. Ushbu hodisalar sabab keltirilgan moddiy zarar miqdori 91 mlrd. so`mdan ortiqni tashkil etgan. Sodir bo`lgan yong`inlarning 5751 tasi, ya`ni 86 foizi aholi turar-joylariga to`g`ri kelgan.
Tahlillar ko`rsatmoqdaki, baxtsiz hodisalar aksariyat holatlarda tabiiy gaz va muqobil yoqilg`i turlarini hamda isitish pechlarini ishlatishda gazdan foydalanish, texnik va yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmaganligi, gaz tarmog`iga noto`g`ri ulanish, xonadonlarda ochiq olovdan foydalanish hamda dudburonlarning nosozligi oqibatida kelib chiqmoqda.
Shu bois bu yilgi mavsumda ham “Hududgazta`minot” AJ tomonidan mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong`in xavfsizligini ta`minlash maqsadida, jami 529 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga taalluqli idoralar vakillaridan 7.606 nafar xodim jalb etilgan.
Shuningdek, mas`ulning qayd etishicha, gaz, elektrga noqonuniy ulanish yoki noto`g`ri foydalanish oqibatida yong`in chiqishining oldini olishda fuqarolarning o`zlari ham mas`ul bo`lishlari shart!
"QO`LBOLA" ISITISh PEChLARI STANDARTGA JAVOB BERADIMI?"
– Bozordagi sotilayotgan turli xil chet eldan keltirilgan va o`zimizda yaratilgan isitish pechlari qandaydir standart talabiga javob beradimi? Bu bo`yicha favqulodda vaziyatlar vazirligi yoki boshqa idoralar standart talablariga javob berishi bo`yicha sertifikatlar beradimi?
– “O’zstandart” agentligi tomonidan tabiiy, suyultirilgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish uchun uskunalarga sertifikat beriladi.
Ta`kidlash joizki, o`zimiz ham hozirgi kunda 77 ta tumanda maxsus gaz yondirgichlarini sotuvga qo`yganmiz. Bilasiz, gaz doimiy yonib turgani uchun noxush holatlar keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababdan ushbu moslama avtomatik tarzda yonib-o`chib turadi. Har bir fuqaro ushbu jihozlarni olish uchun o`z hududlaridagi gaz ta`minot bo`limlariga murojaat qilishi mumkin.
Bunda gaz yondirgich doimiy yonib turmagani uchun gazni iqtisod qiladi. Xonadonlarga borsak, uy isib ketdi, deb oynalarni ochib qo`yadi. Bu moslama orqali shularga barham beriladi.
ChEKKA HUDUDLAR NAZORATI QANDAY?
Tog`li hududlar uchun gaz ballonlarini xarid qilganmiz. Chekka joylardagi oxirgi uygacha ularni etkazib borish niyatimiz bor. Shuningdek, gaz ballonlariga maxsus aloqa vositarini o`rnatganmiz. Biz JSM aloqasi orqali ularni iste`molchilarga etib borganini nazorat qila olamiz.
ELEKTR BILAN BOG`LIQ VAZIYaTDA ESA...
Faxriddin NURALIEV,
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari:
– Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan kuz qish mavsmida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Elektr energiyasidan yong`inlar kelib chiqish holatlari bo`yicha statistika yuritiladi va buning kelib chiqish sabablari mutaxassislar tomonidan o`rganilgan holda keyingi davrda bunday holatlarni oldini olish uchun zarur tadbirlar olib boriladi.
QISh UChUN ETARLI KO`MIRGA EGAMIZMI?
Shu o`rinda qayd etish kerakki, gaz etib bormagan chekka hududlarda uy-joyni isitish uchun aholi xonadonlari ko`mir bilan ta`minlanishi shart. Xo`sh, o`tgan yilni zarar bilan yakunlagan “O`zbekko`mir” AJbu yilgi mavsum uchun qanday choralar ko`rmoqda?
Erkin YaKUBOV,"O`zbekko`mir" AJ bosh direktorining o`rinbosari:
– O`zbekistonda ayni kunlarda uy-joy fondi va ijtimoiy soha ob`ektlarini 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo`yicha qator tadbirlar olib borilmoqda. 1 sentyabr holatiga respublikamiz ijtimoiy soha ob`ektlari mavsum uchun etarli ko`mir bilan to`la ta`minlangan. Hozirda ko`mir mahsuloti aholi ehtiyojlari uchun etkazib berilmoqda.
Ayni paytda jamiyat tizimidagi ko`mir sanoati korxonalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash bo`yicha ham ishlab chiqilgan reja asosida ishlar olib borilmoqda.
Bir so`z bilan aytganda, “O`zbekko`mir” AJda iste`molchilar, xususan aholini etarli miqdorda va sifatli ko`mir bilan ta`minlashning barcha imkoniyatlari mavjud va biz hukumatimiz oldimizga qo`ygan topshiriqlarni o`z vaqtida bajarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
"O`ZBEKKO`MIR” AJ 2020 YILNI ZARAR BILAN YaKUNLAGAN...
BUNING SABABI NIMA?
– Zarar ko`rishimizga birinchi asosiy sabab dollar kursining oshganidir. 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko`ra, valyuta kreditlari bo`yicha asosiy qarz qoldig`i 92,3 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Dollar kursi oshishi natijasida 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko`ra, 102,2 milliard miqdorida kurs bo`yicha farq yuzaga keldi.
Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yilning I yarim yilligida sanoat korxonalari tomonidan elektr energiyasi iste`moli keskin pasayib ketib, rejadagi ko`mir sotilmay qoldi. Asosiy iste`molchilar Angren va Yangi Angren IESdan rejadagi ko`mirga talab bo`lmadi. Natijada prognozdagi 4,3 million tonna o`rniga amalda 3,9 million tonna mahsulot sotilgan va 81,6 milliard so`m miqdorida foyda olinmay qolgan. Bu esa korxona moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maoshlarni o`z vaqtida to`lashda muayyan qiyinchiliklarga olib keldi.
Uchinchi asosiy sabab, ko`mir narxi keyingi uch yil davomida bir xilda ushlab turilgani, 2019 yildan buyon, masalan, aholi uchun 1 tonna ko`mir 300 ming 300 so`mdan sotilayotganidadir. Jamiyatda zararni qoplash uchun mahsulot tannarxini kamaytirish ustida jiddiy ish olib borilmoqda. Natijalar yomon emas. Joriy yilning o`tgan olti oyida ko`rilayotgan zararni keskin qisqartirishga erishdik – 3 mlrd so`m.
Ayni paytda mablag` taqchilligi bilan bog`liq muammolar bartaraf etilmoqda.
Dilbar ABDUNABIEVA tayyorladi






