AsosiySport

O`zbekistonda Etnosport assosiasiyasi tuzildi

'O`zbekistonda Etnosport assosiasiyasi tuzildi'ning rasmi

Bugun, 8-oktabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekistonda etnosportning rivojlanish istiqbollari”mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirni Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi janob Nejmeddin Bilol Erdog‘an ochib berdi.

“O‘zbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri va nomoddiy madaniy merosni asrash, shuningdek, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va ommalashtirish sohasidagi asosiy masalalardan biridir. Shu maqsadda tashkil etilgan xalqaro konferensiya “O‘zbekistonni etnosport va milliy qadriyatlar orqali kashf eting!” shiori osida o‘tkazildi. Xalq o‘yinlari qadimdan davlatchilik shakllanishi, jamoani birlashtirish va himoya qilishda ham yuksak ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda, ular shaxsni jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bir xalqning tarixi ming yillar davomida shakllangani uning moddiy va madaniy boyliklarida, etnografiyasida aks etadi. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, barchaga O’zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi ochilishi haqida ma’lum qilaman”, - dedi Aziz Abduhakimov.

Shundan so’ng Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Nejmeddin Bilol Erdog‘an so’zga chiqib, xalq o’yinlari hamda ularning ahamiyati haqida nutq so’zladi. Bundan tashqari, yuksak martabali mehmon yurtimizga beshinchi marta tashrif buyurgani va uning tarixi hamda qadriyatlaridan katta taassurotda ekanini aytib, so’nggi vaqtda O’zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda sport sohasi rivojiga bo’lgan e’tiborni yuksak e’tirof etdi.

Tadbir doirasida O’zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi rahbari sifatida Oybek Norinbayev tanishtirildi. 

Shuningdek, tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni, general mayor, O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Rustam Djurayev, O‘zbekiston Polvonlar milliy ensiklopediyasi raisi Norquli Yusupov hamda milliy sport turlari bo‘yicha federatsiyalarning masʼul xodimlari so‘zga chiqishdi.

Ta’kidlash joizki, o‘zbek xalqi ko‘p asrlar davomida kurash, belbog‘li kurash, uloq-ko‘pkari, Turon, Boyqo‘rg‘on kabi milliy sportining asoschilariga aylangan kurashchi-polvonlari hamda afsonaviy chavandozlari bilan mashhur bo‘lgan. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar tufayli haqli ravishda O‘zbekistonning madaniy merosi bo‘lgan milliy sportimizni dunyoga namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Prezidentimizning ushbu sohadagi tashabbuslari qatorida 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4881-sonli hamda 2021-yil 5-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi5213-sonli qarorlarini aytib o‘tish mumkin.

Sport olamida millionlab insonlar Yaponiyani - karate, sumo, dzyudo, Xitoyni - ushu va kung-fu, Koreyani - taekvondo, Angliyani - futbol va boks, Kanadani xokkey sport turlari bilan bog‘lashsa, O‘zbekistonni kurash, belbog‘li kurash, Turon, uloq-ko‘pkari kabilar xalqaro sport maydonida tanitadi.

Misol uchun, bugungi kunda dunyoning 130 dan ortiq mamlakatida sportning “kurash”turi rivojlangan va uning Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo sporti tarixidagi muhim voqealardan biri ekanligini ta’kidlash quvonarli.

Bugungi kunda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda kurashni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish yo‘lida har yili o‘tkaziladigan tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

2020-yilda “Turk dunyosi poytaxti” deb e’lon qilingan Xiva shahrida har yili Butunjahon bahodirlar o‘yinlari federatsiyasi (WSF) ko‘magida Pahlavon Mahmud nomini abadiylashtirish maqsadida “Bahodirlar o‘yinlari” xalqaro turniri o‘tkaziladi. Turnir o‘zbek xalqining buyuk farzandi, o‘z davrida Markaziy Osiyo, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Hindistonda mashhur kurashchi, ustoz, faylasuf va so‘fiy bo‘lgan Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab tashkil etiladi.

Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi, shubhasiz, sport turizmini rivojlantirish, imijini yaxshilash, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida targ‘ib qilish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.

Tadbir doirasida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi, uning raisi janob Nejmeddin Bilol Erdog‘an hamda Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o’rtasida Milliy sport turlari va xalq o’yinlarini rivojlantirishga doir Hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va O’zbekiston etnosport assotsiatsiyasi o’rtasida ham memorandum imzolandi. 

 

Boshqa yangiliklar