3 oktyabr kuni soat 11:00 larda, Toshkent shahar, Bektemir tumani TXAY ko`chasida "Kobalt" harakatlanib kelayotgan vaqtda, qayrilib olish joyida yo`liga chiqib ketgan "Spark" avtomobiliga urilib ketmaslik maqsadida rulni o`ng tomonga burib, yo`l chetida turgan piyoda urib yuborgani haqida xabar berilgan edi.
IIV Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasining ma`lum qilishicha, tezkor-tergov tadbirlari davomida voqea joyini tark etgan “Spark” avtomobilining davlat raqamlari 10 L 690 WA bo`lganligi aniqlangan. Avtomobilni haydovchilik guvohnomasi bo`lmagan 39 yoshli S.I. boshqargan.
Hozirga vaqtda unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 128-moddasi 2-qismi prim.5 (“Transport vositalari haydovchilarining yo`lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo`ljallangan tomoniga yoki bo`lagiga yo`l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo`lgan, yani yo`l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo`nalishini keskin o`zgartirishga yoki o`z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini taminlash uchun o`zga choralarni ko`rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi”), hamda 135-moddasi 2-qismi (“Yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo`lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi”) bo`yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil jarima maydonchasiga joylangan.
Mazkur fakt asosida olib borilgan tergovoldi harakatlari davom etmoqda. Faktlar aniqlangach, yo`l-transport hodisasining barcha ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho beriladi.






