Kecha Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoev buxoroliklar bilan uchrashuv chog`ida sinovli bo`lgan o`z prezidentlik davri haqida gapirdi, deya ma`lum qildi “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
U o`z nutqida o`zbek xalqi uchun doim “og`ir yuk” bo`lib kelgan paxta “plan”idan voz kechilgani yaxshi saboq bo`lgani, bugungi kunda, hattoki, prezident qaerda qancha paxta etishtirilayotganiga qiziqmayotganini ham aytib o`tdi.
Ma`ruzasini davom ettirarkan, davlat rahbari pandemiya ham qanday saboq bo`lgani haqida aytib o`tdi. “O`tgan 5 yil hammamiz uchun sinov bo`ldi. Men ham 5 yil oldingi prezident emasman. Mana, hamon davom etayotgan pandemiya sababli butun dunyo iqtisodiyoti to`xtab qoldi. Tarixda bunaqasi bo`lmagan. Butun dunyo yopildi. Lekin xalqqa oylik berish, ular esa oilasini boqishlari kerak. Shuning uchun men ko`p joylarda endi mana shunday sharoitda ishlashni o`rganishimiz kerak, deb aytaman. 80 trillion so`m pulimiz ketdi. Muhimi, xalqimizning salomatligi”, dedi Shavkat Mirziyoev.






