25 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida prokuror Nig`matilla Yo`ldoshev ishtirokida Matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Bosh prokurorning ta`kidlashicha, saylov jarayonlari umume`tirof etilgan xalqaro qoidalarga, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga va Saylov kodeksiga to`liq rioya etilgan holda kechgan.
Shuningdek ma`lum qilinishicha, saylov ishtirokchilaridan qonun buzilishi holati mavjudligini tekshirib ko`rish uchun jami 12 ta xabar va murojaatlar kelib tushgan.
Ularning 5 tasi Toshkent shahriga, 3 tasi Qashqadaryo viloyatiga, 1 tadani Namangan, Farg`ona, Xorazm va Toshkent viloyatlariga to`g`ri keladi.
Ushbu ma`lumotlarning 1 tasini Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi taqdim etgan, 1 tasi bevosita prokuratura Shtabi tomonidan Internet tarmog`i monitoringi natijasida aniqlangan, qolgan 10 tasi fuqarolarning prokuratura organlaridagi 1007 raqamli ishonch telefoniga murojaatlari tashkil etgan.
- Yunusobod tumanidagi 519 - sonli saylov uchastkasida fuqaro 3 nafar oila a`zolari uchun ham ovoz berishga harakat qilgan.
Bu harakat uchastka saylov komissiyasi raisi tomonidan zudlik bilan to`xtatilib, ortiqcha byulletenlarni saylov qutisiga tashlashga yo`l qo`yilmagan va bu haqda hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuraturaga taqdim etilgan.
Okrug saylov komissiyasi qarori bilan fuqaroga ortiqcha byulleten bergan uchastka saylov komissiyasi a`zosi Kravsova komissiyadan darhol chetlatilgan, hozirda uning ma`muriy javobgarlik masalasi ko`rib chiqilmoqda.
- Mirobod tumanidagi 113 - sonli saylov uchastkasida “Gazeta.uz” sayti muxbiri saylov qutisini ko`zdan kechirib, teginganligi uchun uchastka saylov komissiyasi raisi o`rinbosari bilan yuzaga kelgan ziddiyatli holat haqidagi videoyozuv Internet monitoringida aniqlangan.
O`rganish jarayonida bu ikkala tomon o`zaro yarashib, tushunmovchilikni bartaraf etgan, hozirda o`rganish ishlari davom etmoqda.
- Fuqarolardan Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga kelib tushgan qolgan 10 ta murojaat asosan, saylovga taklifnoma berilmaganligi, ko`chma saylov qutisi kechikayotganligi, ismi - sharifi boshqa saylov uchastkasida qayd etilganligi kabi texnik masalalarga doir bo`lib, joyida to`liq bartaraf etilgan.






