Bugun O`zbekiston tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Furqat Sidiqov Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizda bo`lib turgan Pokiston global va strategik tadqiqotlar tahliliy markazi prezidenti Said Amir Jaffri bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Said Amir Jaffri O`zbekiston tomoniga Prezident saylovida kuzatuvchi sifatida qatnashish uchun taqdim etilgan imkoniyat uchun minnatdorlik bildirdi. Ekspert 24 oktyabr kuni O`zbekistonda bo`lib o`tgan saylov jarayonining yaxshi tashkil etilgani, shuningdek, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi. Yoshlarning barcha saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonida ko`rsatgan faolligini avvalgi saylovlardan ajralib turadigan jihat sifatida ta`kidladi.
Suhbat chog`ida dolzarb mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg`onistondagi vaziyat bo`yicha fikr almashish uchun ikki davlat tahlil markazlari o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.






