"Aliment qarzdorligini undirish tartibi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan ayrim qonun xujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi qonun loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Loyihada aliment to`lovi bo`yicha qarzdor jismoniy shaxsning transport vositalarini boshqarish huquqini, shuningdek, lisenziyalanadigan faoliyat bilan shug`ullanish huquqini ham vaqtincha cheklash nazarda tutilmoqda.
Xususan, transport vositalarini boshqarish huquqi vaqtincha cheklangan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek, boshqarish huquqi cheklangan shaxslarga transport vositalarini boshqarishni topshirilishi - bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
Aliment to`lovi bo`yicha qarzdorning transport vositalarini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash quyidagi holatlarda qo`llanilmaydi:
- Sud qarorini ijro etish uchun etarli mol-mulk olib qo`yilgan taqdirda;
- agar shunday cheklash belgilanishi qarzdor tirikchiligining asosiy va qonuniy manbaidan mahrum qilsa;
- agar qarzdor birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo`lsa yoki qarzdor qaramog`ida O`zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi yoki nogiron bola deb tan olingan shaxsga bog`liq bo`lsa;
- agar qarzdorga ijro hujjati talablarini bajarish uchun kechiktirish yoki bo`lib-bo`lib to`lash imkoniyati berilgan bo`lsa;
- agar voyaga etmagan bolalar ta`minoti uchun alimentlar oldindan to`langan yoki aliment to`lash majburiyatini ta`minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo`lsa.






