AsosiyJamiyat

Rossiyadagi migrantlar bilan bog`liq hukumatlararo kelishuv yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi – Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

'Rossiyadagi migrantlar bilan bog`liq hukumatlararo kelishuv yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi – Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri'ning rasmi

Moskvada O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov Rossiya Federasiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov bilan uchrashdi.  Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentli ma`lum qilmoqda.

Muloqot chog`ida O`zbekiston fuqarolarini Rossiyada mehnat faoliyatini tashkil etish tizimini takomillashtirish va jalb etish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Bundan tashqari, qurilish va qishloq xo`jaligi sohalariga mehnat migrantlarini jalb etishning soddalashtirilgan tartibi, mehnat jarayonlarini raqamlashtirish va qonunchilikdagi innovasiyalar bo`yicha tajriba loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etilgan.

 

– 2017 yilda imzolangan tashkiliy ishga qabul qilish bo`yicha hukumatlararo kelishuv pandemiya davrida mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi. Ishga qabul qilish tartib-taomillarini ham xodim, ham ish beruvchi uchun imkon qadar sodda va qulay qilib, har ikki tomon uchun zarur kafolatlarni ta`minlash zarur, – dedi N.Xusanov.

N.Xusanovning so`zlariga ko`ra, ayni paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat bozorida talab yuqori bo`lgan kadrlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etishda etakchi rol o`ynamoqda. Mamlakatning har bir hududida ishsiz aholiga xizmat ko`rsatish, kasb-hunar va til o`qitish, tadbirkorlikka o`rgatish, mehnat migrasiyasi masalalari bo`yicha maslahatlar berishning o`ziga xos tizimi ham yaratilgan.

Muzokaralar natijasida tomonlar 2017 yilgi tashkiliy ishga qabul qilish to`g`risidagi shartnomaga o`zgartirishlar kiritish, mehnat munosabatlarini raqamlashtirish va mehnat muhofazasini ta`minlash, korxonalarda shikastlanishlar darajasini pasaytirish sohasida mehnat organlari xodimlarini qo`shma o`quv dasturlari va amaliyot o`tash jarayonini rejalashtirish, shuningdek, mehnat qonunchiligini takomillashtirish bo`yicha kelishuvlarga erishdi.

    Boshqa yangiliklar