Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Xalq ta`limi vazirligi Ichki audit xizmati faoliyatining 9 oylik natijalari sarhisob qilindi.
Ichki audit xizmati faoliyatida asosiy e`tibor moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo`yicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilgan.
Xususan, vazirlik Ichki audit xizmatining 9 oylik faoliyati davomida jami 194,7 mlrd. so`mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga va bartaraf etilishiga erishilgan.
Joriy yil ta`lim muassasalarida xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvaliga muvofiq rejalashtirilgan mablag`lardan 106,1 mlrd. so`mi maqbullashtirilgan.
Ma`lum qilinishicha ushbu mablag`lar umumta`lim maktablari uchun yangi avlod darsliklarini Milliy o`quv dasturi asosida kompleks tarzda yaratish va nashr etishga yo`naltirilgan.
Tizimda ishlovchi xodimlarga noto`g`ri belgilangan ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarning belgilangan me`yorlarga muvofiqlashtirilishi natijasida 12 mlrd. so`m mablag` iqtisod qilingan.
Umumta`lim muassasalaridagi asosiy vositalar va boshqa jihozlarni xatlovdan o`tkazish natijasida jami 26,3 mlrd. so`mlik tovar-moddiy boyliklarning ortiqcha saqlanish holatlari aniqlanib, o`rganish davomida belgilangan tartibda bartaraf qilingan.
Ta`lim muassasalarining xarajatlar smetasi tuzilishi jarayonida 50,3 mlrd. so`mlik qo`shimcha ehtiyoj mavjud bo`lgan yo`nalishlarga profilaktika ishlari natijasida bo`shab qolgan mablag`larni yo`naltirish hisobidan qoplangan.
Joriy yilning 9 oyi davomida ta`lim muassasalarida 197ta o`rganish tadbirlari o`tkazilishi natijasida jami 47 553ta holatda 76,5 mlrd. so`mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 6 530 ta holatda 16 mlrd. so`mlik o`g`irlik va kamomad aniqlangan.
Ma`lumot uchun: 2020 yilning (143,2 mlrd. so`m) mos davrining hisobot ko`rsatkichlariga nisbatan 2 baravarga kamaygan.
Tarkibida jinoyat alomatlari bo`lgan 158ta 61,4 mlrd. so`mlik o`rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko`rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.






