Avvalroq, joriy yil 28 iyul kuni Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada o`z navbatchiligini o`tayotgan shifokorning tashxisdan norozi bo`lib, uni ayovsiz do`pposlab, jiddiy tan jarohati etkazgan aka-ukalar qilmishi haqida xabar berilgan edi.
Hodisa sodir bo`lgan paytda tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.
Ayni paytda SSV Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, o`tgan vaqt mobaynida jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Unda aka-uka qilmishlaridan pushaymon ekanliklari va shifokordan kechirim so`raganliklarini bildirishdi.
— Aka-ukalar bu xatti-harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishgan. Ushbu jinoiy harakatlar ularning aybiga iqrorliklaridan tashqari, sud majlisida ishtirok etgan guvohlarning ko`rsatmalari, sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi hamda jinoyat ishidagi boshqa dalillar yig`indisi bilan tasdig`ini topdi, — deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudining sudyasi Nodirbek Raimqulov.
Sud ukani Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Sudlanuvchi akaga esa 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida uning qamoqda saqlangan bir kuni majburiy jamoat ishlari jazosining 4 soatiga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan 144 soat majburiy jamoat ishlari jazosi qoldirildi.






