AsosiyJamiyat

Ochig`i, o`shanda rosa alam qilgandi — Buxorolik tadbirkor 28 yil oldingi biznesini esladi

'Ochig`i, o`shanda rosa alam qilgandi — Buxorolik tadbirkor 28 yil oldingi biznesini esladi'ning rasmi

Bugun, 27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan qishloq xo`jaligida klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida videoselektor o`tkazildi. Yig`ilish davomida Buxoro viloyatidagi «Mergan Teks» MChJ rahbari Ibrohim Hamroev so`zga chiqdi va o`z tadbirkorlik faoliyati bilan bog`liq vaziyatni esladi.

— Bundan 28 yil oldin O`zbekistonning eng olis qishloqlaridan birida korxona ochdim. U erda «polovaya tryapka» degan mahsulot ishlab chiqardim. To`g`risini aytsam, mahsulotim juda sifatsiz edi, qop-qora edi va biroz hidi ham bor edi. Shu mahsulotimni xorij davlatlaridan biriga eksport qilmoqchi bo`ldim.

Namunani olib, chet elga chiqdim, ammo hech kimga o`tkaza olmadim. «Bu mahsuloting biroz qo`lansa xid chiqararkan, nariroqqa ol», deyishdi. Ochig`i, o`shanda rosa alam qilgandi, xo`rligim kelgandi.

Taqdir ekan, oradan 28 yil o`tib yana o`sha davlatga bordim. Bu safar bitta jomadon emas, to`rttasida namuna olib bordim — shim, ko`ylak va boshqa mahsulotlar. Bu men uchun shu qadar katta faxr va iftixor ediki, tasvirlab bera olmayman.

Hurmatli Prezident, siz bundan besh yil oldin «Endi paxtani chetga shunday sotib yubormaymiz, balki o`zimiz qayta ishlab, tayyor mahsulot qilib sotamiz», degan edingiz. To`g`risini aytsam, o`shanda ko`pchilik, shu qatori men ham bunga ishonmagan edim. Oradan ko`p o`tmay paxta tozalash korxonalarini xususiy tadbirkorlarga berdingiz, bu biz uchun tasavvur qilib bo`lmaydigan narsa edi, — dedi Ibrohim Hamroev.

Tadbirkor shuningdek o`z chiqishi davomida paxta etishtirishga bo`lgan qarashlarda hamon muammolar borligi, klasterlar va fermerlar suvni tejovchi texnologiyalarni qo`llashda sustkashlikka yo`l qo`yayotganini ham ta`kidlab o`tdi.

— Albatta xozir hamma klasterlar ham etarlicha ishlay olmayapti. Tomchilab sug`orish texnologiyalarini joriy etishda oqsayapmiz. Biz shu muammoni hal etish uchun harakat qilyapmiz, fermerga elektr toki etkazib berish bo`ladimi, yoki boshqa yordam kerakmi, hammasini bajaryapmiz.

O`tgan davr mobaynida bir narsaga amin bo`ldim, bizning erlarimizdan 70 sentner hosil olsa bo`larkan. Qiziq tomoni, an`anaviy tarzda paxta ekib, gektaridan 30 sentner olasizmi yoki suvni tejovchi yangi texnologiyani qo`llab, 70 sentner hosil olasizmi, harajati teng bo`larkan. Men daftarimga yozib qo`yganman — har ikki holatda ham neft, kimyoviy o`g`it va boshqa harajatlar teng sarflanarkan.

Bir so`z bilan aytganda, harajat teng bo`larkan, ammo hosildorlik 2-2,5 baravar ko`p bo`larkan, — dedi Ibrohim Hamroev.

Prezident Shavkat Mirziyoev yig`ilish davomida qishloq xo`jaligida yangi texnologiyalardan foydalanish zaruriyati haqida gapirdi.

— Buxoroning erida dehqonchilik qilish oson ish emas. Bu erda uch martalab sho`r yuvish kerak. Shunday ekan, rivojlanishni istaydigan bo`lsak, zamon bilan teng yurishimiz va texnologiyalardan albatta foydalanishimiz shart. Bu ishlarni bajara olmaganlar ortda qolib ketaveradi, — dedi davlat rahbari.

    Boshqa yangiliklar