Sirdaryo IIB JQB va Boyovut tuman IIB xodimlari Boyovut tumani Qarapchi mahallasida yashovchi fuqaro O.B ning yashash xonadonidan shubhali moddalar topgan. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha fuqaro xonadonidan 13 ta har xil hajmdagi qog`oz bo`laklari va 2 ta gugurt qutiga solingan, o`zidan o`tkir hid taratuvchi, quruq holatdagi, yashil rangli, marixuana giyohvandlik vositasiga o`xshash vosita, 11 ta qog`oz bo`laklari, 1 ta tish pastasi qutisi va 1 ta matoli xaltacha ichiga solingan marixuana o`simlik urug`lari borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan.
Shuningdek, O.B o`z xohishi bilan yashash xonadonidagi sandiqdan 2 ta qog`oz qutilarga solingan va xonadon yotoqxonasi shkafi kostyumidan rangsiz sellofan paketdagi, 3 ta gugurt qutilarga solingan, o`zidan o`tkir hid taratuvchi, quruq holatdagi, yashil rangli, marixuana giyohvandlik vositalariga o`xshash vositalarni taqdim etgan.
Ekspert kriminalistika bo`limining xulosasiga ko`ra, O.B dan daliliy ashyo tariqasida olingan o`ramlardagi va 3 dona gugurt qutisida bo`lgan, o`tkir hidli, modda tarkibida faol giyohvand modda “Tetragidrokannabinol” mavjud bo`lgan “Marixuana” giyohvand moddasi ekanligi va uning umumiy vazni 432,42 grammni tashkil etishi ko`rsatilgan.
Hozirda holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






