O`zbekistonda revaksinasiyaga rasman ruxsat berilganmi? "Sputnik" etishmagan taqdirda boshqa vaksinalarni olish mumkinmi?
Ushbu savol bilan Innovasion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Nurmat Otabekovga yuzlandi.
— Bunda avvalo bir narsani tushunishimiz kerak, vaksinasiya nima, revaksinasiya nima? Biz biron bir kasallikka qarshi emlash jarayonini boshlagan va yakunlagan bo`lsak, biz vaksinasiya qilinganmiz, emlanganmiz degan tushunchaga ega bo`lamiz.
Qachonki kasallik bir necha marotaba emlashni talab qiladigan bo`lsa, revaksinasiya degan ibora qo`llaniladi. Lekin tibbiyotda birinchi marotaba olgan vaksinani vaksinasiya, keyingi emlashni esa revaksinasiya deb ham yuritiladi. Shunday ekan qachonki odam u yoki bu vaksina bilan hozirgi davrdagi talabga asosan 1-2 yoki 3 marotaba emlansa, shu vaksinani olib bo`lgan bo`lsa, demak u to`liq emlangan hisoblanadi.
Bir vaksina bilan emlanib oradan biroz muddat o`tgandan keyin boshqa vaksina bilan emlanish haqida hali hech qanaqa ko`rsatma mavjud emas. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ham biron bir ko`rsatma bergani yo`q.
Yana bitta jihat, bir vaksina bilan emlanib, keyingi bosqichlarni boshqa vaksinalar bilan davom ettirish haqida ham hali tartib ishlab chiqilmagan. Bu holat dunyo tibbiyotida gibrid vaksinasiya deyiladi.
Hozir JSST bu haqida o`ylayapti. Negaki, vaksinalarning ta`minotidagi uzilishlar muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo`lyapti. Shu nuqtai nazardan hademay bu kabi gibrid vaksinasiyaga ham ruxsat berilsa ajabmas. Kutilayotgan ruxsatga asosan qaysi vaksinani qanday ketma-ketlik va oraliqda, qay yo`sinda emlash mumkinligi haqida hujjat paydo bo`ladigan bo`lsa, biz buni keng jamoatchilikka ma`lum qilamiz va barcha tibbiyot xodimlariga etkazamiz.