AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 4 120 turdan ziyod farmasevtika mahsuloti ishlab chiqarilmoqda — SSV

'O`zbekistonda 4 120 turdan ziyod farmasevtika mahsuloti ishlab chiqarilmoqda — SSV'ning rasmi

Sir emas, yaqin-yaqingacha yurtimizda aholi uchun zarur bo`lgan birlamchi dori vositalari va tibbiyot buyumlari chet eldan keltirilar, ichki farmasevtika bozoridagi mahsulotlarning oz qismigina mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilar edi.

E`tiborlisi, keyingi yillarda mamlakatimizda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishni kengaytirish, farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish, aholi va davolash-profilaktika muassasalarining farmasevtik mahsulotlarga bo`lgan ehtiyojini  mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ta`minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan 45 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Mazkur yo`nalishda olib borilgan izchil islohotlar natijasida bugungi kunda O`zbekistonning farmasevtika bozorida o`sish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, bu orqali MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kirdi.

Qolaversa, so`nggi 5 yilda mahalliy farmasevtika bozorida qator ijobiy natijalarga erishildi. Chunonchi, 2017 yilda yurtimizda 1,4 trillion so`mga yaqin farmasevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan bo`lsa, 2020 yilda bu raqam 2,4 trillion so`mga etdi. Mahsulotlar hajmi o`rtacha 2 barobar o`sib, dori vositalari va tibbiy buyumlar 1,2 milliard shartli birlikdan ortiqni tashkil etdi.

Shuningdek, 2017 yilda yurtimizda farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 149 ta korxona faoliyat yuritgan bo`lsa, bugungi kunda ular soni 220 taga etdi.  Ushbu korxonalar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar soni esa 4 123 taga etkazildi. Jumladan, “Asosiy dori vositalar ro`yxati”ga kiritilgan 461 ta dori vositasining 44 foizi bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to`g`ri kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar