“Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5270-son, 30.10.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, “Ipak yo`li” turizm xalqaro universiteti “Ipak yo`li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlandi.
➡️ Universitet Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlarning turizm, madaniy merosni boshqarish va muzeyshunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta`lim muassasasi hamda ushbu sohalarni ilmiy va innovasion tadqiq etish bo`yicha ilmiy muassasaga aylantirildi.
2022/2023 o`quv yilidan Shahrisabz, Marg`ilon va Xiva turizm va servis kollejlari negizida Shahrisabz, Marg`ilon va Xiva turizm va madaniy meros texnikumlari (Madaniy meros texnikumlari) tashkil etiladi.
Shuningdek, Toshkent turizm va servis kolleji negizida Universitetning Toshkent filiali tashkil etildi.
Universitet huzurida quyidagilar o`z faoliyatini boshlaydi:
🔸 “Ipak yo`li” xalqaro tadqiqot instituti;
🔸 “Ipak yo`li” muzeyi;
🔸 “Ipak yo`li” art-rezidensiyasi;
🔸 “Ipak yo`li” san`at galereyasi;
🔸 Restavratorlarni qayta o`qitish va malakasini oshirish markazi.
Har yili Universitetga Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi hamda Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashiga a`zo mamlakatlar fuqarolariga magistraturada davlat granti asosida ta`lim olish uchun 85 ta o`rin ajratiladi.
Universitetning xorijiy professor-o`qituvchilari va izlanuvchilari uchun xizmat turar joyi sifatida 20 ta uy-joy ajratib beriladi.
“El-yurt umidi” jamg`armasining 2022–2026 yillarda xorijdagi nufuzli ta`lim muassasalarida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik yo`nalishlarida doktorantura (PhD) va magistraturada o`qitish dasturi joriy qilinadi.
Dastur doirasida 50 nafar iqtidorli mutaxassis (40 nafari magistratura va 10 nafari doktorantura (PhD) bosqichida) o`qitiladi.






