Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Dehqonobod tumanida o`tkazilgan tadbirda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo`ygani haqda xabar bergan edik.
Mazkur xabarga ko`ra, guruhning 12 nafar a`zosi orasida mahalla fuqarolar yig`ini raisi, o`rta maktab o`qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar borligi aytilgan edi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi idoralar bilan olib borgan muloqotlari natijasida, ushbu xabarda guruh a`zolari qatorida keltirilgan masjid imom noibi aslida boshqa kasb egasi ekani ma`lum bo`ldi.
Ta`kidlash joizki, bugungi murakkab davrda hushyorlik va ogohlik har qachongidan ham dolzarb vazifa ekanini teran anglagan imom-xatiblar, imom noiblari va diniy soha xodimlari buzg`unchi g`oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
"O`z navbatida, yolg`on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo`lishi, shuningdek, Islom dini ta`limotlarida qattiq qoralanganini alohida ta`kidlaymiz.
Xalqimiz, ayniqsa yoshlarni Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali din niqobidagi shaxslarni jihod, hijrat tushunchalarini o`zlarining botil da`volariga moslab talqin etayotgan da`vatlardan ogoh bo`lishga chaqiramiz" deyiladi, xabarda.






