AsosiyJamiyat

​​Angrenda «Seftriakson» sabab vafot etgan 11 yoshli qizning ota-onasi farmasevtika kompaniyasidan noroziligini bildirdi

'​​Angrenda «Seftriakson» sabab vafot etgan 11 yoshli qizning ota-onasi farmasevtika kompaniyasidan noroziligini bildirdi'ning rasmi

Toshkent viloyati Angren shahrida 11 yoshli qiz «Seftriakson» dori vositasi sabab vafot etgani haqida xabar berilgandi. «Sevimli» telekanalining «Zamon» informasion dasturida ma`lum qilinishicha, marhumning ota-onasi Bolalar shifoxonasi ma`muriyatiga tibbiyot xodimlaridan butunlay e`tirozi yo`qligini bildirib, tushuntirish xati yozgan.

Qizcha olib kelingan shifoxonaning jonlantirish bo`limi shifokori Ahil Gazievning so`zlariga ko`ra, G.R. og`ir ahvolda bo`lgan.

«Ahvoli juda og`ir edi, klinik o`lim holatida olib kelingan. Bolaga reanimasiya muolajalari qilinganidan keyin yuragi ishlab ketgan. Nafas olishi sust bo`lgani sabab sun`iy nafas olishga o`tkazilgan. Soat 06:55 gacha qilingan reanimasiya muolajalari foydasini bermadi, yuragi boshqa tiklanmadi va biologik o`lim qayd etilgan», — deydi Gaziev.

Qizchaning ota-onasi Bolalar shifoxonasi ma`muriyatiga tibbiyot xodimlaridan butunlay e`tirozi yo`qligini bildirib, tushuntirish xati yozgan.

Angren shahar Bolalar shifoxonasi bosh shifokori Munavvara G`anieva 11 yoshli qizchaning o`limi bilan bog`liq hodisa hozirda prokuratura organlari nazoratiga olinganini aytgan. Uning so`zlariga ko`ra, bolaga in`eksiyani onasi qilgan.

«Birinchidan, bolani in`eksiya qilgan onasida tibbiy ma`lumot yo`q. Ikkinchidan, hech qanday shifokorga murojaat etmasdan, o`zining xohishi bo`yicha dorixonadan dori olib, in`eksiyani amalga oshirgan. Hattoki tibbiyot xodimlariga ham uy sharoitida tibbiy ineksion muolajalarni amalga oshirishga ruxsat berilmagan», — deydi u.

Shunga qaramasdan, qizchaning ota-onasi «Seftriakson» dori vositasining ma`lum partiyasi sifatsiz bo`lsa-da, muomalaga chiqarilgan va farmasevtika kompaniyasi qonun oldida javob bersin degan talabni qo`ymoqda. Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova holatga izoh bergan.

«Har qanday ineksion dori vositalari, xususan, antibiotiklar ham maxsus sinamalar asosida stasionar sharoitda tibbiyot xodimlari nazorati ostida qilinishi shart edi. Ushbu holat hozirda prokuratura nazoratiga olingan, aynan shu jarayonni o`rganish uchun Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari ham jalb etilgan», — deya ta`kidlaydi Begmatova.

    Boshqa yangiliklar