BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh rivojlangan mamlakatlarda allaqachon koronavirusga qarshi uchinchi emlash amalga oshirilayotgan bir paytda Afrikada aholining atigi 5 foizi emlanganini butun dunyo uchun sharmandalik deb atadi.
Bosh kotibning bayonoti sayyoramizda koronavirus qurbonlari soni 5 million kishidan oshgani munosabati bilan e`lon qilindi.
Federal va mahalliy hokimiyatlar hamda OAV va boshqa ochiq manbalarni umumlashtirib borayotgan Jons Xopkins universiteti kuni kecha dunyo bo`yicha koronavirusdan vafot etganlar soni 5 millionlik chegaradan o`tgani haqda e`lon qildi. Koronavirusga chalinganlarning umumiy soni esa jami 246,7 million kishiga etgan. Bemorlar orasida eng ko`p o`lim qayd etilgan mamlakat hamon AQSh bo`lib qolmoqda. Shu kungacha Amerikada 745 ming kishi koronavirus qurboni bo`ldi.
"Ushbu dahshatli davr bizga shuni eslatmoqdaki, biz sayyoramizning katta qismida pandemiyaga qarshi kurashda mag`lubiyatga uchramoqdamiz. Boy mamlakatlar COVID-19 ga qarshi vaksinaning uchinchi dozasini qo`llayotgan bir paytda Afrikada endigina 5 foiz aholi emlandi, xalos. Bu butun dunyo uchun sharmandalik", - dedi Guterresh.
U dunyo etakchilarini JSST e`lon qilgan global emlash strategiyasini qo`llab-quvvatlashga chaqirdi. "Shu yilning oxirigacha barcha mamlakatlarda aholining 40 foizini emlashimiz kerak, kelasi yil o`rtalariga kelib bu ko`rsatkich 70 foizga etkazilishi lozim", - deya ta`kidladi u.