«Inter» sobiq bosh murabbiyi Antonio Konte «Tottenhem» bilan shartnoma imzolash uchun Angliyaga etib keldi.
Insayder va jurnalist Janluka di Marsioga ko`ra, italiyalik mutaxassis London klubi bilan 2023 yilga qadar shartnoma imzolashi kutilmoqda. Konte jamoani qabul qilishga shay, faqatgina bir qator masalalar kelishib olinsa bas.
Avvalroq, insayder Nikola Skira Konte londonliklar rahbariyatidan yillik 15 million evro maoshli 3 yillik shartnoma va yanvar oyida 3-4ta zarur transferlarni amalga oshirish uchun mablag` ajratilishi talabini qo`ygani haqida xabar berilgandi.
«Tottenhem» klubi bugun, 1 noyabr kuni Nunu Eshpiritu Santuni iste`foga chiqardi. Portugaliyalik mutaxassis bilan birga murabbiylar shtabi ham klubni tark etgan.
London klubi so`nggi turda o`z maydonida «Manchester Yunayted»ga 0:3 hisobida mag`lubiyatga uchradi. «Shporlar» APL 10-turidan keyin 15 ochko bilan 8-o`rinni egallab turibdi. Klub so`nggi 4 o`yinida 3ta mag`lubiyatni qabul qilib oldi. APLda esa so`nggi 7 o`yindan 5tasida yutqazdi.
Avvalroq, Nununing o`rnini egallashga da`vogar murabbiylar qatorida uning hamyurtlari Serjiu Konseysau («Portu») va Paulu Fonseka hamda «Inter» sobiq ustozi Antonio Konte nomlari keltirilgan edi.






