AsosiySiyosat

Har bir dastur bo`yicha ajratiladigan mablag`larni maqsadli ko`rsatkichlar bilan bog`lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim — Shavkat Mirziyoev

Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet paramet...

'Har bir dastur bo`yicha ajratiladigan mablag`larni maqsadli ko`rsatkichlar bilan bog`lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim — Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yig`ilish o`tkazildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Davlat rahbari mamlakatimizda inson qadrini ulug`lash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda ham bosh mezon bo`lishi zarurligini ta`kidladi.

Shu bois kelgusi yilga mo`ljallangan davlat byudjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yo`nalishlarga katta e`tibor qaratilgan. Xususan, ta`lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so`m ajratilishi ko`zda tutilgan.

Prezidentimiz bu mablaqqa qo`shimcha tarzda yana 12 trillion so`m ajratish taklifini bildirdi. Chunki hududlardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, kelgusi yilda 55 ta yangi dastur amalga oshirilishi belgilangan.

Jumladan, chekka joylarda 1 ming 600 ta bolalar bog`chasi tashkil etish, Milliy ta`lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta`mirlash, darsliklarni yangilash hamda kompyuter sinflari ochish kabi ko`plab chora-tadbirlar mo`ljallangan.

Oliy ta`lim tizimida ham vazifalar ko`p. Xususan, bakalavr yo`nalishida davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabalar ijara xarajatlarining bir qismini qoplash ko`zda tutilgan.

Tibbiyotning birlamchi bo`g`inini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga kelgusi yilda jami 8 trillion so`m ajratilishi mo`ljallanmoqda. Shundan 1 trillion so`mi onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigarni ko`chirish kabi dasturlarga yo`naltiriladi. Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga etkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablag` ajratiladi.

Prezidentimiz muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini ta`kidlab, buning uchun qo`shimcha mablag` yo`naltirishni taklif qildi.

Davlat byudjeti loyihasida hududlar infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham keng o`rin berilgan. Uy-joylar va ijtimoiy ob`ektlar qurish, mahallalarni obod etish chora-tadbirlari uchun 26 trillion so`m ajratilishi rejalashtirilgan.

– Bu sohalarga shu kungacha bunday katta mablag` berilmagan. Endi buni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga etkazish kerak. Shuning uchun har bir dastur bo`yicha ajratiladigan mablag`larni maqsadli ko`rsatkichlar bilan bog`lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Byudjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasiga alohida to`xtalib o`tildi. Buning uchun temir intizom bilan, davlat xaridlari tizimida oshkoralikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Moliya vazirligiga kelgusi yil 1 yanvardan tenderlarni inson omilisiz o`tkazish tizimini joriy qilish vazifasi qo`yildi. Shuningdek, barcha byudjet tashkilotlari buxgalteriyasini to`liq raqamlashtirish, davlat xaridlari bo`yicha hisob-kitoblarni elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari byudjet loyihasini mahalliy kengashlar, tadbirkorlar va aholi bilan muhokama qilish, ularning takliflarini Oliy Majlisga muhokamaga kiritish lozimligini ta`kidladi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

    Boshqa yangiliklar