AsosiyJamiyat

Buxoroda yangi mehmonxonalar foydalanishga topshirildi

'Buxoroda yangi mehmonxonalar foydalanishga topshirildi'ning rasmi

Buxoro viloyatida bir kunda ikki yangi mehmonxona ochilish marosimi bo`lib o`tdi, ya`ni Kogon tumanida "Poykent Bukhara" va Buxoro shahrida "Garden Plaza" mehmonxonasi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ulug`bek Azamov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyatdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik ishtirok etishdi. 

Vazirlik xabariga ko`ra, mas`ullar so`nggi yillarda turizm sohasini rivojlantirish natijasida mamlakatimizga xususan, Buxoroga kelayotgan sayyohlar va ziyoratchilar soni yildan-yilga keskin ko`payib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidlashgan.

Qayd etilishicha, birgina 2019 yilda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 3,6 million nafar, xorijiy turistlar soni 600 ming nafardan ortib, avvalgi yillarga nisbatan 2,5-3 baravarga ko`paygan.

Ma`lumotga ko`ra, Bahouddin Naqshband ziyoratgohining ro`parasida qad rostlagan "Poykent Bukhara" shu nomli mehmonxonalar tarmog`ining 4-mehmonxonasi hisoblanadi. Ham milliylik, ham zamonaviy elementlarni o`zida uyg`unlashtirgan ushbu mehmonxonada endilikda sayyohlar uchun qo`shimcha 104 ta xona va 250 o`rin yaratilgan. Shuning barobarida 50 dan ortiq yigit-qiz muqim ish bilan ta`minlandi.

Buxoro shahridagi "Garden Plaza" mehmonxonasining ochilish marosimida ishtirokchilar tomonidan davlatimiz rahbari hamda hukumatimiz tomonidan turizm sohasidagi investorlarga yangi qurilgan 3 yulduzli toifaga va 50 xonadan kam bo`lmagan xonalar fondiga ega mehmonxonaning har bir xonasiga 40 mln so`m hamda 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam bo`lmagan xonalar fondiga ega mehmonxonaning har bir xonasiga 65 mln so`mdan subsidiya ajratilishi tadbirkorlar uchun imkoniyatlar eshigini ochib berayotgani qayd etilgan.

Ma`lumot uchun ushbu mehmonxonada yotoq xizmatidan tashqari 300 kishiga mo`ljallangan 2 ta zamonaviy restoran, 60 kishiga mo`ljallangan ochiq havodagi restoran, suzish havzasi, sauna, konferensiya va muzokaralar zali, billiard, stol tennisi, fitnes  zali xizmatlarining ham yo`lga qo`yilgan. Loyiha qiymati 25 mlrd. so`mga teng mehmonxona ochilishi natijasida sayyohlar uchun qo`shimcha 72 ta xona 150 ta o`rin, shuningdek, 50 nafar turizm sohasi mutaxassislari uchun yangi ish o`rni yaratilgan.

Boshqa yangiliklar