“Shuhrat” medali hamda “O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni egasi, O`zbek Milliy akademik drama teatri artisti, taniqli kinoaktrisa Dilnoza Kubaeva - Toshkent shahridagi Inha universiteti mehmoni bo`ldi.
Mehmon uchun eng avvalo universitetda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda bu erda ta`lim olayotgan talabalar hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida ekskursiya uyushtirildi. Kubaeva zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriyalar, tajribalar o`tkazish uchun mo`ljallangan fizika laboratoriyalari, kutubxona hamda “Madaniyat va ma`rifat” xonasi bilan tanishdi. Shundan so`ng talabalar bilan “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” mavzusida uchrashuv o`tkazildi.
Qayd etish joizki, uchrashuv ikki tomonlama iliq munosabat asosida o`tdi. Eng avval talabalar o`zlari tayyorlagan taqdimotni namoyish etishdi. Shundan so`ng so`z Dilnoza Kubaevaga berildi va u o`z hayotiy tajribasidan, ustozlarining o`gitidan kelib chiqqan holda ma`ruza qildi. Uchrashuv ochiq muloqat tarzida o`tdi. Talabalar aktrisaga o`zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va ularga Dilnoza Kubaeva tomonidan batafsil javob olishdi.
Dilnoza Kubaeva ham mana shunday muhtasham binoda, nufuzli universitetda ta`lim olayotgan yigit-qizlarga havasi kelayotganini, davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan bunday imkoniyatdan unumli foydalanib, ishonchni oqlashlari lozimligini aytib, ularning o`qishlariga omad tiladi.