O`zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida mamlakatimizda o`tkazilgan Prezident saylovi yakunlariga bag`ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Tadbirga Kuvaytda akkreditasiyadan o`tgan diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari, jumladan, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Rossiya va Turkiya elchilari taklif etildi.
O`zbekiston elchisi Bahromjon Aloev ishtirokchilarni Prezident saylovi yakunlari, so`nggi yillarda respublikada amalga oshirilayotgan keng ko`lamli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaralari, tashqi siyosat yutuqlari haqidagi ma`lumotlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisidagi inaugurasiya marosimidagi nutqining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga e`tibor qaratildi.
Xorijiy diplomatiya vakolatxonalar rahbarlari amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoevni saylovdagi ishonchli g`alabasi bilan samimiy tabriklab, o`zbek xalqi bu bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va o`zgarishlar jarayonini qo`llab-quvvatlaganini qayd etdi.
Prezident saylovi tinch va osoyishta, saylovchilarning faol ishtiroki bilan yuqori saviyada o`tgani alohida ta`kidlandi. Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, EXHT va MDH vakillari, shuningdek, xorijiy davlatlardan kelgan kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik va uni o`tkazish jarayonini bevosida kuzatib bordi.
Ishtirokchilar O`zbekistonning so`nggi yillarda barcha sohalarda erishgan yutuqlari, respublikaning tinchlikparvar tashqi siyosati, ayniqsa, davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoda integrasiyani mustahkamlash, mintaqaviy muammolarni hal etish, jumladan, Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish borasidagi tashabbuslari va aniq takliflarini yuqori baholadi.
Tojikistonning Kuvaytdagi elchisi, diplomatiya korpusi duayeni Zubuydullo Zubaydov O`zbekiston Prezidenti saylovining yakuniy natijalari Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, xalqlar manfaati uchun mintaqaviy integrasiyani yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.
- Amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoevning ishonchli g`alabasi O`zbekistonning barqaror rivojlanishini ta`minlash, mintaqamizda yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo`lidagi mashaqqatli mehnat va sa`y-harakatlar yuksak baholangani samarasidir, - dedi Tojikiston elchisi. - Rahbarlarimiz o`rtasida o`rnatilgan do`stona va ishonchli munosabatlar tufayli so`nggi yillarda Tojikiston-O`zbekiston aloqalari mutlaq yangi bosqichga ko`tarilib, strategik sheriklik mazmuniga ega bo`ldi.






