Prezident Shavkat Mirziyoev bugun, 17 noyabr kuni kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida olib borilayotgan tarkibiy o`zgarishlar bugun natijadorlikka aylanmoqda. Xususan, kimyo sanoatida so`nggi besh yilda umumiy qiymati 2 milliard 100 million dollarlik 16 ta investisiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingta yangi ish o`rni yaratildi. Yana bir muhim jihati, sohaga xususiy sektor kirib kelib, ular tomonidan 45 million dollarga teng 8 ta loyiha ishga tushirildi.
Shu besh yilda kimyo sanoatida ishlab chiqarish 1,5 barobarga, eksport hajmi 190 million dollardan 310 million dollarga ko`paydi. Korxonalarning umumiy sof foydasi 8 barobardan ziyod o`sib, joriy yil yakuni bilan 1 trillion so`mdan oshishi kutilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi qaroriga muvofiq kelgusida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Farg`ona viloyatlarida yana 4 ta yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan texnologik kimyo klasterlari faoliyatini yo`lga qo`yish rejalashtirilgan. Ularda uglerod, poliefir va asetat tolasi, polivinilasetat, kaliy nitrati kabi 20 dan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi.
Yig`ilishda ushbu klasterlar va istiqbolli loyihalar haqida ma`lumot berildi.
Davlatimiz rahbari bu loyihalar tarmoqdagi ulkan imkoniyatlarga nisbatan etarli emasligini, investisiya jalb etib, mahsulotlarni ko`paytirish mumkinligini ta`kidladi.
Kelgusi yilda ishlab chiqarish hajmini 12 trillion so`mga, eksportni 380 million dollarga etkazish imkoniyatlari ko`rib chiqildi. Sohani raqamlashtirish, korxonalarda operasion xarajatlar va energiya sarfini qisqartirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirish vazifasi qo`yildi.
Qayd etilganidek, umumiy qiymati 740 million dollarlik 4 ta yirik loyiha bo`yicha qurilish ishlari boshlanadi. Shuningdek, kelgusi yilda suyuq kompleks o`g`itlar, karbamid formaldegid smolasi, gidroksipropil-metilsellyuloza, kalsiy xlorid kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. Mutasaddilarga ushbu loyihalar ijrosini doimiy nazoratga olish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Korxonalarni transformasiya qilish, ularga zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv tizimini joriy etish ishlarni izchil davom ettirish zarurligi ta`kidlandi.
Yangi korxonalarni kadrlar bilan ta`minlash ham muhim masala. Shu maqsadda kelgusi yilda 6 ming nafar oliy va o`rta bo`g`in mutaxassislarini tayyorlash mo`ljallangan. Tarmoqdagi 6 ta korxona negizida o`quv markazlari hamda Chirchiq shahrida ishchi-mutaxassislar tayyorlash majmuasini ishga tushirish belgilangan.
Mutaxassislarni kimyo sanoatining bugungi rivoji va ish beruvchining talablari asosida tayyorlash muhimligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda belgilangan vazifalar bo`yicha tegishli hujjatlar qabul qilinib, ijrosi ta`minlanadi.






