Davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanidagi Markaziy ko`p tarmoqli poliklinikani borib ko`rdi.
Bu shifo maskani 1994 yilda qurilgan, 2017 yilda rekonstruksiya qilingan. Bu erda terapiya, nevrologiya, kardiologiya, revmatologiya, allergologiya, pediatriya, jarrohlik kabi bo`limlar, tashxis uskunalari mavjud.
Ushbu markaziy poliklinika va uning tarkibidagi 9 ta oilaviy poliklinika tumanning 51 ta mahallasida yashovchi 346 ming nafar aholiga xizmat ko`rsatilmoqda.
Prezidentimiz ushbu poliklinikalar negizida tibbiyot klasteri tashkil etish bo`yicha ko`rsatma berdi.
- Zamon talabi shunday: xususiy tibbiyot rivojlanib boraveradi. Aholining bir qismi xususiy klinikalarga boradi. Lekin davlat barcha aholini sifatli tibbiyot bilan qamrab olishi kerak. Shuning uchun bu erni klasterga aylantirib, davolashni manzilli yo`lga qo`yish, samaradorligi va qamrovini oshirish zarur. Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak, - dedi Prezident.
Mutasaddilarga shu borada topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoev Shayxontohur tumani Olim Xo`jaev nomidagi mahallada ham bo`ldi. Bu erda o`tgan asrning 60-yillarida qurilgan ikki qavatli uylarni renovasiya dasturi asosida yangilash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga shu boradagi loyiha haqida ma`lumot berildi. Prezidentimiz mahalladagi nuroniylar, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.