Bugun, 24 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Norvegiya Qirolligining O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Oslo shahrida) etib tayinlangan Jon Mikal Kvistadni qabul qildi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi.
Ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, Vazir Elchini yuqori mas`uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va faoliyatiga omad tiladi.
Suhbat chog`ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O`zbekiston-Norvegiya munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari, shuningdek, tomonlarning xalqaro tashkilotlar doirasidagi o`zaro hamkorligi muhokama qilindi. .
Bo`lajak tadbirlar, xususan, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o`tkazish jadvali ko`rib chiqildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar, jumladan, Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.