AsosiyDunyo

Polshada «Fast Textile» xalqaro ko`rgazmasi o`tkaziladi

'Polshada «Fast Textile» xalqaro ko`rgazmasi o`tkaziladi'ning rasmi

Joriy yil 1-3 dekabr kunlari Polsha poytaxtidagi «Ptak Warsaw Expo» ko`rgazma maydonida Evropadagi nufuzli xalqaro to`qimachilik ko`rgazmalaridan biri - «Fast Textile 2021» bo`lib o`tadi. Unda mamlakatimizning 60 dan ortiq to`qimachilik kompaniyasining 130 nafar vakilidan iborat delegasiyaning ishtirok etishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Ko`rgazma doirasida Evropa Ittifoqi mamlakatlarida O`zbekiston to`qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining «savdo missiyasi»ni o`tkazish rejalashtirilgan.

O`zbekistonning Varshavadagi elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, mamlakatimiz to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va Polshaning import qiluvchi kompaniyalarining mazkur ko`rgazma doirasidagi aloqalari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Xususan, o`zbekistonlik sanoatchilar tomonidan 2019 yil ushbu ko`rgazma doirasida 15 million dollarga teng shartnomalar imzolangan bo`lsa, 2020 yilda eksport bitimlari miqdori 20 million dollarni tashkil qildi.  2021 yilda esa 27-30 million dollarlik kelishuvlarga erishish nazarda tutilmoqda.

Joriy yil «Fast Textile 2021»  ko`rgazmasida jami 1 ming 700 dan ortiq kompaniya  va  3 ming 300 mutaxassis  ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Ko`rgazma stendlari hududi 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. O`zbekiston vakillari 600 kvadrat metr maydonda joylashtiriladigan milliy stend bilan qatnashadi.

Bugungi kunda O`zbekiston to`qimachilari Evropa Ittifoqi davlatlariga ekport qilayotgan to`qimachilik mahsulotlarining qariyb yarmi Polsha hissasiga to`g`ri keladi. Mamlakatimizdan  ip-kalava,  turli matolar, shuningdek, sumka, choyshab, sochiq singari tayyor mahsulotlar yuborilmoqda. Polsha do`konlarida O`zbekistonda ishlab chiqarilgan ko`ylak, kostyum-shim va boshqa kiyim-kechak turlari ham ko`payib bormoqda.

Polshalik importchilar o`zbek to`qimachiligi mahsulotlarining sifatidan mamnun. Bu Evropa, jumladan, Polsha bozorlarida ularga bo`lgan talabning oshishida muhim omil bo`lmoqda.

Ko`rgazma doirasida, shuningdek, O`zbekiston, Polsha va boshqa mamlakatlarning to`qimachilik ishlab chiqaruvchilari vakillari ishtirokida konferensiya tashkil etish, V2V va G2V  shakllaridagi muzokaralar uyushtirish, Evropadagi eng yirik hisoblangan «GD International» Varshava to`qimachilik savdo markazi faoliyati bilan tanishish va u erda seminar o`tkazish rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar