1

O`zbekistonda reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxati yangilanib, byurokratik to`siqlarga chek qo`yiladi

Salomatlik 26.11.2021, 10:37
O`zbekistonda reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxati yangilanib, byurokratik to`siqlarga chek qo`yiladi

Shunday dori vositalari borki, agar ular shifokor tavsiyasisiz iste`mol qilinsa, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug`dirishi mumkin. Ammo yana shunday preparatlar mavjudki, ularni dorixonalardan hech qanday cheklovlarsiz, ya`ni reseptsiz xarid qilsa bo`ladi.  

Ammo shu yilning iyul oyidan Sog`liqni saqlash vazirligi buyrug`i asosida Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxati keskin kamaytirilgach, iste`molchilarning tashvishiga tashvish qo`shildi. Ya`ni monopreparatlar pozisiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar ro`yxati esa 118 taga qisqarib ketdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi. 

Oqibatda reseptsiz ham berilishi mumkin bo`lgan dorilarni xarid qilish uchun bemor yo`l bosib, vaqt yo`qotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur bo`lmoqda. Bordi-yu, qo`shimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani olgach, vrach huzuriga takror kirib resept yozdirib olishiga to`g`ri kelyapti.  

Bunday ovoragarchilik va byurokratik to`siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga, qolaversa, farmasevtika kompaniyalarining haqli e`tirozlariga sabab bo`lyapti. Negaki,  qonunchilik talablariga ko`ra, resept asosida beriladigan preparatlarni targ`ibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi ma`lumotlardan xabardorligini cheklamoqda.  

Masalan, tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni chet el dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilsa bo`ladi. Bizda esa buning uchun resept so`ralyapti.  

Sog`liqni saqlash vazirligi ana shu muammolarga echim topish uchun kelib tushayotgan e`tiroz va murojaatlar, qolaversa, xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur o`rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi bilan birgalikda amalda bo`lgan Reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxatini bekor qilib, uni yangilash bo`yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Unga muvofiq,  reseptsiz beriladigan preparatlar ro`yxati kengaytirilmoqda. Yangi buyruq yaqin kunlarda regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo`yiladi va Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatga olingach, kuchga kiradi.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1