AsosiyDunyo

Janubiy Afrikada COVID-19ning yangi shtammi aniqlandi

'Janubiy Afrikada COVID-19ning yangi shtammi aniqlandi'ning rasmi

Janubiy Afrikada koronavirus holati yana ko`payib borishiga yangi shtamm paydo bo`lgani sabab qilib ko`rsatilmoqda. Virus mutasiyaga uchragan bo`lishi mumkin, kasallik ayniqsa yoshlar orasida tez tarqalyapti.

Mamlakatning aholi gavjum Guanteng tumanida aniqlangan yangi shtamm butun dunyoni hushyor torttirdi. Yuqumli kasalliklar bo`yicha mutaxassislar fikricha, bu tur ham “Delta” kabi xavfli.

Olimlar ta`kidlashicha, virusning inson organizmiga ehtimoliy ta`sirini aniqlash uchun muayyan vaqt kerak. Zero, virus hali rivojlanishda davom etmoqda va mutant o`zgarishi ilgari taxmin qilinganidan ko`ra ko`proq o`tkazuvchan yoki halokatli bo`lishi mumkin.

B.1.1.529 sifatida aniqlangan yangi koronavirus Janubiy Afrikadan kelgan sayohatchilar orqali Botsvana va Gonkongga ham tarqalgan.

Yangilangan infeksiya to`lqini qo`rquvidan xavotirlangan Britaniya hukumati allaqachon Janubiy Afrika va qit`aning janubiy qismidagi 5 davlatga parvozni taqiqladi. Shuningdek, ushbu mamlakatlardan yaqinda kelgan har bir kishiga COVID-19 testi topshirish shartini joriy etdi.

Virus variantining mamlakatda tarqalishini kuzatgan Janubiy Afrikadagi Genomik kuzatuv tarmog`i a`zosi Tulio de Oliveyra bu haqda shunday dedi: "Qattiq mutasiyaga uchragan ushbu yangi shtamm aholi orasida juda tez tarqalayotganini kuzatish mumkin. Kelgusi bir necha kun va haftada bemorlar soni yana oshadi. Variantning 100 ta butun genomini o`rganayotgan olimlar yaqin kunlarda natijaga erishishini kutyapmiz.

Kembrij universiteti mikrobiologiya klinikasi professori Ravindra Gupta B.1.1.529 nomi bu yangi shtamm haqida gapirarkan, “ko`p sonli mutasiyaga, o`tkazuvchan xususiyatga egaligi, immunitetga ta`sir qilishi”ni aytgan.

Virus ko`payishiga aynan yangi shtamm sababmi yoki yo`qmi, hali uzil-kesil izohlanmagan bo`lsada, Guptaning so`zlariga ko`ra, "shunday ekanligi ehtimoli yuqori".

Janubiy Afrikada COVID-19 holati o`tgan hafta keskin ko`paydi. Har kuni 200 dan ortiq, chorshanba kuni esa, to`satdan, 1 200 dan ziyod yangi holat qayd etildi. Payshanba kuni kasallanish ko`rsatkichi 2 465 ga chiqdi. Yuqori o`sish sur`ati Pretoriya va yaqin atrofdagi Tshvan metropoliteni hududida, jumladan, universitet talabalari orasida kuzatilgan.

    Boshqa yangiliklar