Bu haqda Ichki ishlar vazirligi YHXBB xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» 2020 yil 7 dekabrdagi PQ-4913-son qaroriga muvofiq, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish faoliyati uchun lisenziyaga ega tadbirkorlik sub`ektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish huquqi berildi.
Tez orada Prezident qarori ijrosini ta`minlash maqsadida, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o`tkazish huquqiga ega bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan tashkil qilingan xususiy imtihon markazlari o`z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.
Mazkur markazlarda imtihonlar to`liq inson faktoridan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu esa xalqimizning haqli e`tirozlariga sabab bo`layotgan korrupsiya holatlarining chek qo`yilishiga ko`mak beradi.
Kelgusida haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihonlar respublika bo`ylab bosqichma-bosqich xususiy markazlarda olinadi. Bu esa faqat va faqat nazariy hamda amaliy bilimlar bilangina haydovchilik huquqini qo`lga kiritish mumkin degani.






