Sevimli

Toshkentda narkotik moddasini laboratoriya sharoitida ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan "korxonalar" faoliyatiga chek qo`yildi

Jinoyat 02.12.2021, 11:42
Toshkentda narkotik moddasini laboratoriya sharoitida ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan "korxonalar" faoliyatiga chek qo`yildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan maxsus operasiya natijasida Internet tarmog`i orqali sintetik narkotik moddalar savdosi bilan shug`ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Ular tomonidan Toshkent shahrida ijaraga olingan 3 ta xonadonda “mefedron” sintetik narkotik moddasini yashirin laboratoriya sharoitida ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan. Bu haqda DXX "Darakchi.uz" ga xabar berdi. 

Maxsus tadbirlar natijasida ushbu xonadonlarda umumiy miqdorda 892 gr. “mefedron”, 45 gr. “alfa-PVP” sintetik narkotik moddalari, xom-ashyo sifatida foydalaniladigan 360 litrdan ortiq zaharli kimyoviy moddalar va prekursorlar hamda zarur asbob-uskunalar, himoya vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, guruh a`zolari tomonidan xufiya joylarga yashirib qo`yilgan 898 gr. “mefedron” moddasi, 15 litr va 12 kg miqdorida turli xil kimyoviy moddalar hamda 8 litr “bromketon” olib qo`yilgan. 

Bundan tashqari, ulardan noqonuniy yo`llar bilan bitkoin kriptovalyutasida jamg`arilgan 113.770 AQSh dollari ham musodara qilingan.

Ta`kidlash lozimki, 1992-2000 yillar oralig`ida tug`ilgan guruh a`zolarining 3 nafari Toshkent shahridagi hamda xorijdagi nufuzli oliy o`quv yurtlari talabalari hisoblanadi.

Bugun narkokur`erlar tomonidan sintetik giyohvand moddalarni mamlakatimizga xorijiy davlatlardan olib kelinishi ham kuzatilmoqda.

Xususan, yuk avtomashinasida chet eldan keltirilgan elektrosamokat ichiga yashirib qo`yilgan 1 kg 994 gr. “mefedron” va 499 gr. “spays” moddalarini hamda 6 dona gashish moyi kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida Toshkent shahrida yashovchi, 1996 y.t., muqaddam sudlangan shaxs qo`lga olingan.

Shuningdek, 1984 y.t. fuqaro ham xorijdan yuk avtomashinasida olib kelingan elektrosamokat ichiga yashirib qo`yilgan 500 gr. “geroin”, 947 gr. “gashish”, 500 dona LSD nomli sintetik narkotik modda hamda 60 dona gashish moyi kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Toshkent shahrida internet tarmog`i orqali narkotik moddalarni sotish bilan shug`ullanuvchi jinoiy guruhning faol a`zolari hisoblanadi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar