Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi pirotexnika vositalarining yashirin aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o`tkazishdi.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida, Farg`ona tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.T.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Natijada, ushbu xonadonda xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o`tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan, umumiy qiymati 96 million so`mlik 168 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Yana bir tezkor tadbir davomida, fuqaro Q.X. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi o`rnatilgan tartibda to`xtatilib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida, avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o`tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan, umumiy qiymati 25 million so`mlik jami 36 dona “pirotexnika vositalari borligi ma`lum bo`ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.