1

​O`RVI: Bolalarda kasallik nega qaytalaydi?

Salomatlik 05.12.2021, 16:07
​O`RVI: Bolalarda kasallik nega qaytalaydi?

Mana, sovuq kunlar boshlandi. Mavsumiy kasalliklar yanada avj oladigan palla hozir. Ayniqsa, bolalar o`rtasida bunday xastaliklarga chalinish holatlari ko`p bu yil.

Shunday ekan, ehtiyokorlik — muhim shart. Qolaversa, bemor bolalar muolajasi, parvarishi ham o`ta mas`uliyatli jarayon hisoblanadi. Xo`sh, bunday vaziyatda shifokorlar tavsiyalari qanday?  

— O`tkir respirator kasalliklarni chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kafedra mudiri Nigora Alieva. — Shulardan adenovirus, gripp A bolalar orasida, ayniqsa ko`p uchrayapti.

Bularning alomatlari ham turlicha kechmoqda. Bir toifa bolalarda shunchaki tumov, boshqalarda pastki nafas yo`llari yallig`lanishi, yana ba`zilarda yo`tal, harorat ko`tarilishi kabi belgilar kuzatilyapti.

Bunday xastaliklar immuniteti past o`g`il-qizlarda og`ir asoratlar qoldirish xavfi ham mavjud. Masalan, virus yuqori nafas yo`llari orqali yuqib, bronxit kasalligiga olib kelishi mumkin.

Buyrak, yurak faoliyatiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi ehtimoli bor. Eng yomoni, virusli infeksiyalardan so`ng meningit va meningoensefalit kasalliklari shakllanishi va rivojlanishi mumkin.

Mamlakatimizda O`RVI 5 yoshgacha bo`lgan bolalarda ko`p uchramoqda. Ular orasida chaqaloqlar ham kam emas. Mutaxassisdan buning sababi haqida so`radik.

— Hammasi, avvalo, sog`lom turmush tarzi bilan bog`liq, — deydi shifokor. — Bola to`g`ri ovqatlanishi, o`z vaqtida uxlashi, jismoniy chiniqishi lozim. Shundagina immunitet mustahkamlanadi.

Masalan, 1 yoshgacha bo`lgan bolalar o`zlari mustaqil ravishda jismoniy mashqlarni bajara olmaydi. Demak, ota-onalari, tarbiyalovchilari ularni chiniqtirishi zarur. Turli uqalash muolajalari, ya`ni massaj ham bu jarayonda juda foydali. Bolaning tanasida qon aylanish tizimi faoliyatini yaxshilaydi.  

Aslida, kichik yoshdagi o`g`il-qizlarning yiliga 3-4 marta bunday virusli kasalliklar bilan og`rishi normal holat. Ammo kasallikka chalinish soni emas, tuzalish muddatiga e`tibor qaratish kerak. Xastalikdan so`ng asoratlar qolmasligi asosiy natija.

Nigora Alievaning aytishicha, bemor bolalar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi. Lekin ba`zi ota-onalar farzandi shifoxonadan chiqishi bilan uni bog`chaga, maktabga jo`natishadi. Aholi gavjum joylarga, mehmonga olib borishadi. Vaholanki, bunday paytda hali organizm to`liq tiklanib, avvalgiday quvvatga qaytmagan bo`ladi.

Oqibatda hali to`liq quvvatga kirib ulgurmagan bola tashqi muhitda yangi virusga duch kelib, qaytadan kasallanib qolishi mumkin. Shunday ekan, o`g`il-qizlarning xastalikni engil darajada o`tkazishida ota-onalari, yaqinlari ko`magi nihoyatda zarur. Bunday paytda yanada e`tiborli bo`lish talab etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1