“Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish bo`yicha davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlari to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–29-son, 03.12.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, 2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta`minlash va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta`sis etiladi.
Mazkur lavozimga:
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investisiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Davlat soliq qo`mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investisiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo`linmalarida bo`lim (sho``ba) boshlig`idan past bo`lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;
- nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;
- tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma`lumotga ega bo`lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.
Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda uning hududiy boshqarmalari;
- tuman (shahar) hokimliklari tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari.
Agentlik direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Farmonga ko`ra, “Yangi O`zbekiston islohotchisi” ko`krak nishoni ta`sis etildi.
Ushbu ko`krak nishoni bilan hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil etishga jalb qilingan shaxslar taqdirlanadi.
Farmon bilan shuningdek, Hokim yordamchilari faoliyatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etildi.