Bugun tongda "Aeroflot"ning Moskva – Urganch yo`nalishi bilan uchgan yo`lovchi samolyoti quyuq tuman tufayli belgilangan manzilda qo`na olmay Nukus aeroportiga qo`nishga majbur bo`lgan edi. Hozir ma`lum qilinishicha, samolyot Moskvaga qaytib ketgan, yo`lovchilar Nukusdan Urganchgacha avtobuslarda etkazilgan, deb xabar bermoqda RIA Novosti Nukus aeroporti xodimining ma`lumotiga tayanib.
"Aeroflot"ning SU1976 Moskva – Urganch reysi 7 dekabr kuni tongda quyuq tuman tufayli Urganch aeroportiga qo`na olmadi va zaxira aeroport sifatida Nukusga yo`naltirildi. Dastavval samolyotni tuman tarqagandan keyin Urganchga jo`natish rejalashtirilgan edi. So`ngra 131 nafar yo`lovchini Nukusdan Urganchga avtobuslarda etkazishga qaror qilindi", — dedi aeroport vakili agentlikka. Uning ta`kidlashicha, Urganchdan Moskvaga uchishni kutib turgan yo`lovchilar ham Nukus aeroportiga avtobuslarda keltirilgan.






